Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro festivalga tayyorgarlik: tarjimon va volontyorlar o‘qitilmoqda
20:04 / 2023-07-04

Xonobod shahrida joriy yilning 18-20 iyul kunlari “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda mazkur festivalga qizg‘in tayyorgarlik ishlari qizg‘in tarzda olib borilmoqda.

Festivalga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlarga doimiy hamrohlik qiluvchi tarjimon volontyorlar, gidlar ro‘yxatini shakllantirish, ularning mehmonlar bilan ishlash borasidagi bilim, malaka va ko‘nikmalarini boyitishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijon davlat chet tillari institutining Gid hamrohligi, madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik kafedrasining tajribali o‘qituvchilari tomonidan institutning Xonobod shahridagi Turizm laboratoriyasida ingliz tilini biladigan, festivalga tarjimon va volontyor sifatida jalb etiladigan 50 nafar iqtidorli yoshlar ishtirokida tarjimonlik va gidlik mahoratini oshirish bo‘yicha seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

– Maxsus dastur asosida o‘tkazilayotgan seminar mashg‘ulotlari asosan  Xonobod shahrining diqqatga sazovor joylarida tashkil etilmoqda, – deydi Andijon davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi Gavhar Qo‘chqorova. – Mashg‘ulotlarda sayyohlar bilan muloqot jarayonida tarjimonlarning asosiy vazifasi, kiyinishi, o‘zini tutishi, muomala madaniyati, shu bilan birga, ularning zukkoligi, topqirligi, barcha sohalar bo‘yicha muayyan bilimga ega bo‘lishlari masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

[gallery-12593]

Bundan tashqari, ularga Andijon viloyatidagi, xususan, Xonobod shahridagi diqqatga sazovor joylar, ziyoratgohlar, tarixiy qadamjolar haqida ham keng ma’lumotlar, zarur bilimlar berilmoqda. Ular yurtimiz, milliy madaniyatmiz, xalqimizning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari haqidagi ma’lumotlarni mehmonlarga tushunarli darajada yetkaza olishi muhimdir.

Tayyorgarlik doirasida Xonobod shahrida faoliyat olib borayotgan ovqatlanish shoxobchalari, savdo markazlari, dam olish maskanlari, sartaroshxona va boshqa servis xizmati ko‘rsatuvchi muassasalarning xodimlari uchun ham ingliz tili bo‘yicha o‘quv  kurslar tashkil etildi. O‘quv kurslari Andijon davlat chet tillari institutining tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan institutining Xonobod shahridagi Turizm laboratoriyasida olib borilmoqda.

O‘quv kurslarida xizmat ko‘rsatuvchilarga ingliz tilidan boshlang‘ich savodxonlik saboqlari berilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, ularning xorijiy sayyohlar bilan muloqot qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishdir.

Bu boradagi ishlar belgilangan reja asosida davom etmoqda.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA