Xalqaro festival doirasida hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda
“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida “Danmon Group” kompaniyasi (Daniya) bilan kelishuv imzolandi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 apreldagi tegishli qarori ijrosi doirasida “O‘zbekfilm” kinokonserni DUKni zamonaviy kinoqurilmalari va texnikalar bilan jihozlash bo‘yicha olib borildi.
Kompaniya vakillari mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchun yangi texnologiyalar imkoniyatlari haqida maxsus taqdimot o‘tkazdi. Shundan so‘ng agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov hamda “Danmon Group” kompaniyasi direktori Brayen Skott o‘rtasida shartnoma tuzildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning oxiriga qadar kompaniya texnologiyalarning ma’lum qismini “O‘zbekfilm” kinokonserniga yetkazib beradi.
Endilikda o‘zbek kinoijodkorlari dunyoning zamonaviy kinotexnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
D. Mamatova, O‘zA