Turizm jadal rivojlanib borayotgan Namangan viloyatida xalqaro darajada o‘tkazilayotgan gullar, asal va avto kabi festivallar o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanib ulgurdi. Buni ikki kun davomida yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tgan II xalqaro “Namangan avto festivali”da minglab kishilar yana bir karra his etishdi.
Tadbirning asosiy manzillaridan biri Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik bog‘ida festival doirasida mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, viloyat hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamkorligida ilk marotaba karting sport turi musoboqasi tashkil etildi.
Avtosport ixlosmandlarini bir maydonga jamlagan mazkur musobaqa yosh avlod o‘rtasida sportning texnik-amaliy turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga qaratildi.
Saralash bosqichida 7-9 yoshli yosh sportchilar, jurnalistlar va blogerlar, shuningdek, professional sportchilar faol qatnashdi. Bellashuvlar jarayonida ishtirokchilar o‘z mahorat, tezkorlik va boshqaruv mahoratini namoyon etib, asosiy bosqichga yo‘llanmalar uchun qizg‘in kuch sinashdi.
Ushbu musobaqa avto va karting sportiga qiziquvchilar uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘tash asnosida, ularning kelgusida professional sportda o‘z o‘rnini topishiga turtki beradi.
E’tirof etish joizki, yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni egallash va mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ishlab chiqarish va texnik sohalarda malakali yosh kadrlarni tayyorlash ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, avtofestival doirasida “Eng yaxshi avtousta” ko‘rik-tanlovi uyushtirilib, unda yosh mutaxassislar o‘z bilim va ko‘nikmasini sinovdan o‘tkazdi. Qatnashchilar tanlovda avtomobillarni diagnostika qilish va elektr tizimlarini ta’mirlash; kuzov, payvandlash va bo‘yoq ishlari; dvigatel hamda yurish qismini ta’mirlash kabi yo‘nalishlarda bahslashdi.
[gallery-27709]
Xususan, kuzov, payvandlash va bo‘yoq ishlari yo‘nalishida yosh ustalarning avtomobil tashqi qismidagi shikastlanishlarni bartaraf etish, zamonaviy payvandlash texnologiyalarini qo‘llash va sifatli bo‘yoq ishlarini bajarishda o‘ziga xos bilimdonlik va mahorati yaqqol ko‘zga tashlandi. Bu nafaqat texnik bilim, balki aniqlik, did va mas’uliyatni ham taqozo qilishi bilan ahamiyatga ega.
Binobarin, yurtimiz avtomobil sanoatining yetakchi tuzilmalari – “O‘zavtosanoat” uyushmasi hamda “O‘zavtomotors” kompaniyasi tomonidan yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bunday tanlov va festivallar yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lashda muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Viloyatning o‘ziga xos, nufuzli va an’anaviy bayramiga aylangan avtofestival nafaqat mamlakatimiz hududlari, balki Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Rossiya va Gruziya davlatlaridan kelgan avto ustalari va havaskorlarni ham rom etdi. Odamlar bilan gavjum “Afsonalar vodiysi” xiyobonida zamonaviy tyuning qilingan va retro avtomobillar ko‘rgazmasi minglab ishqibozlarda qiziqish uyg‘otdi.
Dastavval Namangan shahriga kirib kelaverishdagi manzil – “Yangi Namangan" shaharchasi hududida saf tortgan avtomashinalar kolonnasi mototsikllar hamrohligida viloyat markazidagi asosiy ko‘chalar bo‘ylab harakatlandi va “Afsonalar vodiysi” temaktik parkida tantanali kutib olindi.
Bog‘ markazida bo‘lib o‘tgan festivalning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov turizm salohiyatini oshirish, yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish, bandligini ta’minlashda bu kabi xalqaro tadbirlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
E’tiborlisi shundaki, bugungi kunda Namangan viloyatidagi 4,2 mingdan ziyod avtomobillarga servis xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida “Ustoz-shogird” ana’anasi asosida 11 ming nafarga yaqin yoshlar bandligi ta’minlangan.
Xalqaro miqyosda tashkil etilgan avtofestival ishtirokchi va mehmonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Tadbir doirasida noyob avtomobillar paradi, retro hamda tyuning avtomobillar ko‘rgazmasi, ehtiyot qismlar yarmarkasi, qimmatbaho sport avtomobillari namoyishi, shuningdek, turli tanlov va musobaqalar o‘tkazildi.
Kechki payt esa, avtofestivalning qaynoq va hayajonli damlari, ya’ni tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda faol ishtirok etganlar, shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar munosib ravishda rag‘batlantirildi. Jumladan, “Eng yaxshi retro avtomobil”, “Eng yaxshi ichki va tashqi tyuning”, “Eng yaxshi ovoz tyuningi”, “Eng yaxshi avtomobil dvigateli” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.
Taniqli san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi festival ishtirokchilarirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA