Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro etnosport festivali ishtirokchilariga
21:49 / 2023-09-08

Hurmatli festival qatnashchilari!

Qadrli do‘stlar!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni butun dunyoda ochiq osmon ostidagi muzey sifatida shuhrat qozongan, ko‘hna va betakror Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Yurtimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjumanda YUNESKO, TURKSOY, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi hamda unga a’zo davlatlar vakillari, shuningdek, 63 ta mamlakatdan qariyb 930 nafar etnosport namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotgani festivalga dunyo miqyosida qiziqish va e’tibor naqadar katta ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Mazkur xalqaro anjumanning uch ming yildan ziyod shonli o‘tmishga ega bo‘lgan Xorazm zaminida o‘tkazilayotgani albatta bejiz emas. Bu qutlug‘ voha bizning boy tarix va madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimizning qadimiy beshiklaridan biridir. Ushbu diyordan yetishib chiqqan Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud singari mard va jasur ajdodlarimiz, mohir sarkardalarimiz bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.

Ma’lumki, xalqning tarixi, milliy qadriyat va an’analarini o‘zida mujassam etadigan etnosport turlari yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, jismoniy va ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, dunyo davlatlari bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega.

Shu bois, mamlakatimizda milliy xalq o‘yinlarini targ‘ib etish va ommalashtirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda bu borada qator qarorlar, jumladan, Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Ayniqsa, milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tizimi tashkil etilgani, Toshkent shahrida har yili bir marta etnosport turlari bo‘yicha respublika festivali, Xiva shahrida esa ikki yilda Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi muhim amaliy qadamlarimizdir.

Yurtimizda har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sport musobaqalarini tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlar qabul qilindi.

Ayrim etnosport turlari bo‘yicha boshqaruv tizimi hamda sportchi va trenerlar zaxirasi shakllantirilgani, musobaqalarni doimiy o‘tkazish va ularni moliyalashtirish joriy etilgani bu sohadagi ishlarni muntazamlik asosida olib borish imkonini bermoqda.

Yosh avlod o‘rtasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Ushbu yo‘nalishda malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari ham e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, yurtimizda milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ro‘yxatlari shakllantirildi, o‘zbek kurashini YUNESKOning etnosport milliy o‘yinlari nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish choralari ko‘rilmoqda.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, ushbu festivaldagi ishtirokingiz uchun siz, azizlarga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bu festival dunyodagi nufuzli sport anjumanlari qatoridan munosib o‘rin egallaydi.

Festival doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari, xalqaro turnir, jahon chempionatlari va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lsin!

                                                                    

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti