French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurashdagi yutuqlarini e’tirof etdi 
16:55 / 2024-02-23

Toshkent shahrida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Jahon banki, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Bolalar jamg‘armasi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning kambag‘allikka qarshi kurashdagi yutuqlari: tahlil va xulosalar” mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro davra suhbatida kambag‘allikka barham berish chora-tadbirlari va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash borasidagi islohotlar muhokama qilindi. Muhokamalarda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdi va O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi yutuqlarini baholadi. 

Islohotlar natijasida O‘zbekistonda kambag‘allik darajasining o‘zgarishi ilg‘or xalqaro tajribalar asosida qayta ko‘rib chiqildi. 

O‘zbekiston kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashda transformatsiya dasturini ilgari surishda muvaffaqiyatga erishdi. 2021 yildan boshlab mamlakatda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizgacha kamaydi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi uch yil davomida aholi daromadlari tarkibida ish haqining pasayishi va kichik biznesning o‘sishi kuzatildi. 2021 yilda aholi daromadlarida ish haqining ulushi 70,2 foizni, kichik biznes esa 0,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich mos ravishda 62,7 foiz va 2,9 foizni tashkil etdi. 

Davra suhbatida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, resurslardan teng foydalanish uchun iqtisodiy va moliyaviy sharoitlarni ta’minlash, kambag‘allikni bartaraf etish dasturlariga resurslarni safarbar etish bo‘yicha islohotlar muhokama qilindi. 

Davra suhbatida O‘zbekistonning kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashdagi faol harakatlari alohida ta’kidlandi. 2 million 300 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoya tizimi tomonidan to‘liq qamrab olingani qayd etildi. 

[gallery-16111]

Ekspertlar O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashga qaratilgan islohotlar haqida gapirar ekan, ijtimoiy dasturlar yaratish, kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlash maqsadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qabul qilinayotgan turli dasturlar samaradorligini tushunish uchun qo‘llanilayotgan vositalarga e’tibor qaratdi. 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov o‘z murojaatida kambag‘allikka qarshi kurashning 6 ta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Xususan, xususiy sektor va tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, ta’lim sifati va foydalanish imkoniyatlarini oshirish, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash shular jumlasidan. 

– Bugungi kunda mamlakatimiz katta transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda. O‘zgarishlarga parallel ravishda biz odamlarning ehtiyojlarini va muammolarini o‘rganamiz. O‘zbekiston kambag‘allikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda, – dedi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov. 

Forum doirasida xorijlik ekspertlar va hamkorlarga “mahallabay” tizimi asosida joylarda olib borilayotgan ishlar taqdim etildi. Muhokamalar yakunida ekspertlar O‘zbekistondagi strategiya va davlat dasturlari ta’sirini monitoring qilish va samaradorligini baholash, shuningdek, kambag‘allikni kamaytirishning o‘zbek modelini chuqurroq o‘rganish zarurligini qayd etdi. 

Shahnoza Mamaturopova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA