O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) ofisida mamlakatimiz, Buyuk Britaniya, Avstriya va Niderlandiyaning yetakchi olimlari ishtirokida ilmiy brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida madaniy meros sohasi bo‘yicha hamkorlikda ilmiy tadqiqot va noshirlik ishlarini olib borish istiqbollari, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadqiqotchilar madaniyat va tarix sohasidagi ilmiy ishlar, shuningdek, turli madaniy jamoalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarga alohida eʼtibor qaratdi. Mehmonlar 70 jildlik “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida”, 20 jildlik “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar”, faksimile koʻrinishida chop etilgan qoʻlyozma yodgorliklar, sovgʻa nashrlari hamda hujjatli filmlar bilan tanishdi.
Tadbirda WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov xorijlik olimlarga yurtimizda madaniy merosni asrab-avaylash va ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli loyihalar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u Butunjahon jamiyati faoliyatining yangi yoʻnalishlari bilan tanishtirdi.
– Ushbu loyihalarni amalga oshirishda asosiy qiyinchiliklardan biri ayrim xorijiy ilmiy muassasalar bilan aloqa oʻrnatish edi. Ilgari bu jarayon madaniy merosni muhofaza qilish borasidagi yondashuvlardagi farqlar, byurokratik toʻsiqlar tufayli qiyin kechgan. Mamlakatimiz Prezidentining qatʼiyati va talabchanligi, xalqaro hamkorlar, WOSCU jamoasi ishini faollashtirish, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash va oʻrganish boʻyicha bir maqsadni koʻzlagan ijtimoiy masʼuliyatli biznes vakillarini qoʻllab-quvvatlashi tufayli mazkur yoʻnalishda sezilarli yutuqlarni qoʻlga kiritish imkoni yaratildi. Shu bois bugun olimlar, muzeylar vakillari bilan oʻtkazilgan ilmiy uchrashuv doirasida biz nafaqat loyihalarimizga eʼtibor qaratdik, balki sharqshunoslik, qoʻlyozma merosi sohasidagi nufuzli mutaxassislardan ham koʻmak oldik. Umid qilamizki, endi loyihamiz yangi izlanishlar va ilmiy kashfiyotlar bilan boyib boradi. Oʻrnatilgan aloqalar bizga noyob ashyolar va hujjatlar bilan tanishish imkonini beradi. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning madaniy merosi haqidagi bilimlarimizni sezilarli darajada kengaytirish, mutaxassislar va umuman, keng omma uchun foydali boʻlgan qator ilmiy nashrlar va kitoblarni tayyorlash imkonini beradi, – dedi u.
Oksford universitetining Bodlian kutubxonasi mutaxassisi Nikolas Kontovas Oʻzbekistonda fan va madaniyat sohalariga salmoqli yordam koʻrsatilayotganini taʼkidladi.
– WOSCU Kembrij toʻplamlari haqidagi bir nechta kitoblarni nashr etdi. Bodlian kutubxonasi fondi haqida ham kitob chiqarsangiz, yaxshi boʻlardi. Chunki bizning fondimizda eski oʻzbek tilida yozilgan 200 nusxa qoʻlyozma mavjud. Arab va fors tillarida yozilgan bir qancha kitoblar ham borki, ularni tadqiq qilish va nashr etish borasida WOSCU bilan hamkorlik qilishdan mamnun boʻlamiz. Bu yerdagi kabi ilm-fan va madaniyatni beqiyos darajada qoʻllab-quvvatlash boshqa mamlakatlarda kam uchraydi. Bugungi kunda bunday yirik madaniy loyihalarni ilgari surish tobora qiyinlashib bormoqda va Oʻzbekistonda xalqning tarixi va madaniyatiga bunday yuksak eʼtibor qaratilayotganidan xursandman. Bu tajriba Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini yanada oshirmoqda, – dedi u.
Butunjahon jamiyati ilmiy kengashi aʼzosi Feruza Melvill muntazam tarzda WOSCU kongresslarida ishtirok etish imkoniyati yaratilayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
– Butunjahon jamiyatining koʻplab tashabbus va loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fozilovning hissasi katta ekanligini alohida taʼkidlamoqchiman. Uning saʼy-harakatlari madaniy va ilmiy almashinuvni xalqaro miqyosda rivojlantirishga, jahon hamjamiyatini yangi bilimlar va madaniy yutuqlar bilan boyitishga yordam beradi, – dedi u.
– Men bir necha yildan beri WOSCU xalqaro kongresslarida qatnashib kelaman, — dedi Oksford universiteti tadqiqotchisi, Butunjahon jamiyati aʼzosi Jeymi Komstok-Skipp. — Ushbu tashkilot olib borayotgan ishlar va xalqaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlayman. Shayboniylar qoʻlyozmalarini tadqiq qilish bilan shugʻullanaman. Markaziy Osiyoda Shayboniylar davrini oʻrganishga hissa qoʻshishga tayyorman. Ushbu noyob loyihani imkon qadar keng targʻib qilish, nashrlarni imkoniyat doirasida koʻproq mamlakatlar va jahondagi ilmiy-taʼlim muassasalariga tarqatish nihoyatda muhim.
Tadbirda sharqshunoslar madaniy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishda bunday izlanishlar juda muhimligini taʼkidlab, Oʻzbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan loyihalarga yuksak baho berdilar hamda kelgusida samarali hamkorlikni davom ettirish istagini bildirdilar.
N.Ziyodullayeva,
OʻzA