Xalqaro ekspert Santa-Fe shahrida oʻzbek hunarmandi ochgan savdo uyini esladi
Qoʻqonda yigʻilgan hunarmandlar namoyish qilayotgan buyumlar orasida xorijlik ustalarning ham koʻplab buyumlarini uchratish mumkin.
Qoʻqonda yigʻilgan hunarmandlar namoyish qilayotgan buyumlar orasida xorijlik ustalarning ham koʻplab buyumlarini uchratish mumkin. Har bir davlat vakillari uchun alohida pavilyonlar, rastalar tayyorlangani chet ellik ishtirokchilarga manzur boʻlmoqda.
Shu oʻrinda biz Oʻzbekiston va xorijlik hunarmandlar tayyorlagan buyumlar bir-biridan nimasi bilan farq qilishiga qiziqdik. Bunda esa xalqaro ekspertlarning fikri juda muhim. Shu bois Xalqaro xalq amaliy sanʼati bozori tashkiloti maslahat kengashi aʼzosi Kerol Roberson Lopes xonim xonimga murojaat qildik.
– Oʻzbekiston ustalari va hunarmandlari ishida sifat juda yuqori, deydi Kerol Rober-son LOPEZ. –Bunga sabab, yurtingiz ipak yoʻlida joylashgani va hunar avloddan-avlodga oʻtib kelayotgani boʻlishi mumkin. Ana shu xususiyat bois qariyb yigirma yildan buyon yurtingiz ustalari AQSHdagi hunarmandlar festivalida oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Misol uchun, qashqadaryolik kashtadoʻz Gulnorani yaxshi bilaman. U shu hunar ortidan oʻzi oyoqqa turish bilan bir vaqtda 300 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlagani haqida eshitganman. U Santa-Fe shahrida savdo uyi ham ochgan.
Festivalda har bir hududning oʻziga xosligi, har bir viloyat alohida pavilonlar qurib, mahsulotlarini taklif qilganidan hayratlandim. Betakror asarlarda har bir viloyatning oʻziga xos qiyofasi namoyon boʻlgan. Bilishimcha, Oʻzbekistonda 34 yoʻnalish boʻyicha hunarmandchilik maktablari bor ekan. Kulolchilik maktablari Rishton, Gʻijduvon, Urgut, kashtadoʻzlik Nurota, Boysunda rivojlangan ekan.
Shu oʻrinda keyingi yillarda Oʻzbekiston Prezident rahbarligida koʻplab oʻzgarishlar, siyosiy, iqtisodiy yangiliklar yuz berayotganini taʼkidlamoqchi edim.. Buning ijobiy samarasini aholi turmush tarzidagi oʻzgarishlar, ularning qiyofasida ham koʻrish mumkin.
Mana bir necha kundan buyon Qoʻqon aholisini quvnoq, bayramona kayfiyatiga guvoh boʻlmoqdamiz. Otalar farzandlari bilan, bobolar nabiralari bilan kelmoqda. Odamlar oilaviy aylanib, sanʼat buyumlaridan zavq olib, koʻy-qoʻshiqlar tinglab yuribdi.
Bunday bayramona ruh albatta bizga ham ijobiy taʼsir qilmoqda.