Janubiy Koreyada yengil yuk mashinasi Puchon bozoriga kirib ketib, yo‘lakda harakatlanayotgan odamlarni urib yubordi va do‘konga borib urildi. Hodisa oqibatida ikki kishi vafot etdi. Bu haqda Thye Korean Herald xabar berdi. Voqea 13 noyabr kuni Kyonggi provinsiyasida sodir bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan soat 10:55 da 60 yoshdagi erkak boshqaruvidagi yuk mashinasi to‘satdan bozorga kirib ketgan. Hodisa joyiga 20 ga yaqin maxsus texnika va 60 nafar qutqaruvchi yuborilgan.
Germaniyada oqova suv namunalarida yovvoyi poliomiyelit virusi (WPV1) aniqlandi. Bu haqda Robert Kox institutiga tayanib, Reuters xabar berdi. Poliomiyelit bilan kasallanishning so‘nggi holati mamlakatda 30 yildan ko‘proq vaqt oldin qayd etilgan. 2021 yildan boshlab Germaniyada atrof-muhitdagi suv namunalarida poliovirus bor-yo‘qligini aniqlash bo‘yicha monitoring yo‘lga qo‘yilgan. Virus aynan shu monitoring doirasida aniqlandi.
“Lukoyl” aksiyalari AQSH sanksiyalari va kompaniyaning xorijiy aktivlarini sotish bo‘yicha bitimning barbod bo‘lishi tufayli keskin tushib ketdi. Moskva birjasida 12 noyabr kungi savdolarda “Lukoyl” qog‘ozlari donasi 4 900 rublgacha (salkam 60,5 dollar) tushdi. Bu so‘nggi ikki yarim yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. Bir kunda kompaniya kotirovkalari 4,6 foizga, hafta boshidan beri 7,4 foizga, sanksiyalar joriy etilgan 23 oktyabrdan beri esa 18,6 foizga pasaydi. Natijada Rossiyadagi eng yirik xususiy neft kompaniyasining bozor qiymati 777 milliard rubl yoki 9,6 milliard dollarga qisqardi.
AQSH prezidenti Donald Tramp federal hukumat ishini moliyalashtirishni 30 yanvargacha uzaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shu tariqa mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan shatdaun yakunlandi. AQSHdagi shatdaun bu safar 43 kun davom etdi, bu mamlakat tarixidagi eng uzoq tanaffusdir. Respublikachilar va demokratlar o‘rtasida federal byudjet bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli 750 mingga yaqin federal xizmatchi ish haqi saqlanmagan holda majburiy ta’tilga chiqarildi. Faqat aviadispetcherlar, politsiya, chegara qo‘riqlash xizmati va shoshilinch tibbiy yordam bundan mustasno bo‘ldi.
Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 2022 yildan beri davolanayotgan Tbilisidagi klinikadan chiqarildi va 12-sonli axloq tuzatish muassasasiga (Rustav qamoqxonasi) qaytarib yuborildi. Siyosatchi jazoni umumiy asoslarda o‘tashni davom ettiradi. Bu haqda Gruziya maxsus penitensiar xizmati xabar berdi. Saakashvilining hozirgi holati “qoniqarli”, shu sababli u endi statsionar davolanishga “muhtoj emas”. Penitensiar xizmat bu ma’lumotni siyosatchining davolovchi shifokori xulosasiga asoslab bergan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/U6F0ssh6Ans" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA