Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreyaga dronlar yuborgani uchun unga “dushmanga yordam berganlik” ayblovi qo‘yildi. Bu haqda tergov guruhiga tayanib, Yonhap xabar berdi. Sobiq prezident hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilganlikda ham ayblanmoqda. Maxsus tergov guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Yun 2024 yil oktyabr oyida Pxenyanning javob harakatlarini qo‘zg‘atish va o‘sha yilning dekabr oyida harbiy holat joriy etish uchun bahona sifatida Shimoliy Koreyaga dronlarni yuborishni buyurgan.
Britaniya teleradiokorporatsiyasi (BBC) bosh direktori Tim Deyvi va BBC News yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’foga chiqdi. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning nutqi soxtalashtirilgan holda efirga uzatilgani bo‘yicha mojaro sabab bo‘ldi. Gap 2024 yilgi AQSH prezidenti saylovlaridan bir hafta oldin BBC tomonidan namoyish etilgan Panorama dasturining “Tramp: ikkinchi imkoniyat?” nomli epizodi haqida ketmoqda. Videoda Trampning 2021 yil 6 yanvarda so‘zlagan nutqidan parchalar shunday montaj qilinganki, go‘yo AQSH prezidenti o‘z tarafdorlariga ular bilan birga Kapitoliyga borishini va “sher kabi jang qilishini” aytadi. Aslida Tramp bir oz boshqa narsa haqida gapirmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp bojxona to‘lovlaridan olingan daromaddan har bir fuqaroga kamida 2 ming dollar (1729 yevro) “dividend” to‘lanishini aytdi. U bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Amerika yetakchisi bir necha oy oldin fuqarolarga pul tarqatish g‘oyasini ommaga e’lon qilgan. Biroq buni amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilamagan.
Buyuk Britaniya hukumati mamlakat bo‘ylab harakatlanayotgan yuzlab Xitoy elektr avtobuslarini tekshiruvdan o‘tkazadi. Bu haqda hukumat doiralaridagi manbalarga tayanib, Financial Times (FT) xabar berdi. Tekshiruvga Norvegiya tomonidan olib borilgan tadqiqot sabab bo‘ldi. Unda Yutong kompaniyasi o‘z avtobuslarini masofadan turib o‘chirishi yoki ishdan chiqarishi mumkinligi aniqlandi. Hozirgi vaqtda Buyuk Britaniyada 700 ga yaqin Yutong avtobuslari bor, ular asosan Nottingem, Janubiy Uels va Glazgoda harakatlanadi.
Eron hukumati suv tanqisligi kuchaygani sabab Tehronda tunda suv ta’minotini uzib qo‘yishni boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligiga tayanib, Euronews xabar berdi. Prezident Mas’ud Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtni suv bilan ta’minlaydigan suv omborlari so‘nggi 60 yildagi eng past darajaga tushgan. Ayrimlarida esa 10 foizdan ham kam suv qolgan. To‘qqiz milliondan ortiq aholisi bor Tehron olti yil ketma-ket davom etayotgan qurg‘oqchilik bilan kurashmoqda. Bu holat nafaqat ichimlik suvini, balki GESlarda elektr ishlab chiqarishni ham xavf ostiga qo‘ymoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ciOmFELT4D8?si=DJq4XufOsFjYQVju" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA