Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest
17:33 / 2025-10-16

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan va Hindistonda ishlab chiqarilgan uchta yo‘tal siropidan ogohlantirdi. JSST bayonotiga ko‘ra, bu dorilar Coldrif, Respifresh TR va ReLife nomli siroplarning ayrim partiyalari hisoblanadi.

Ularni Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma nomli hind kompaniyalari ishlab chiqargan. Mazkur suyuq dorilar tarkibida  dietilen glikol deb ataluvchi zaharli moddaning miqdori me’yordan yuqori. Bu esa bolalar salomatligiga jiddiy tahdid soladi, hattoki o‘limga olib keladi. Hindistonda so‘nggi kunlarda kamida 20 nafar bola aynan shu siroplarni qabul qilishi ortidan vafot etdi. Bundan tashqari, 11 nafar bolaning ahvoli juda og‘ir.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasini tasdiqladi. Hujjat rasmiy huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi. U 2018 yildan beri amal qilib kelayotgan hozirgi siyosatning o‘rnini egallaydi. Unga ko‘ra, Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan muhojirlar sonining o‘sishi 2030 yilgacha saqlanib qoladi. Bu chet ellik ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq. Yangi konsepsiyada migratsiya siyosatining maqsadi, vazifalari va yo‘nalishlari belgilangan. Hujjatda chet el fuqarolarining kirish-chiqishini tartibga solish, ularning yashash sharoitlari, migratsiya hisobi, vaqtinchalik boshpana berish va fuqarolik olish masalalari inobatga olingan.

AQSH prezidenti Donald Tramp razvedka xizmatiga Venesuelada maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berganini aytdi. Oq uy nafaqat dengizda, balki quruqlikda ham narkokartellarga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi. So‘nggi haftalarda AQSH harbiylari Karib dengizida giyohvand moddalar tashiyotgani taxmin qilingan kemalarga kamida 5 marta hujum qildi. Oqibatda 27 kishi halok bo‘ldi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari bu hujumlarni “suddan tashqari qatl” deb atadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 15 oktyabr, chorshanba kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga va’da berganini aytdi. Tramp bu «qisqa vaqt ichida» amalga oshishini aytdi.

«Hindistonning [Rossiyadan] neft sotib olishidan norozi edim va u [Modi] bugun meni Rossiyadan neft sotib olmasliklariga ishontirdi», dedi Amerika prezidenti Oq uyda jurnalistlarga.

15 oktyabr kuni kechqurun Hamas yana ikki jasadni topshirdi. Bungacha Hamas 28 nafar halok bo‘lgan garovdagi isroillikdan 7 nafarining jasadini topshirgan, Isroil esa sakkizinchi jasad garovdagilardan biriga tegishli emasligini bildirgan edi.

«Biz o‘zimizdagi barcha tirik isroillik asirlarni, shuningdek, qo‘limiz yetgan jasadlarni topshirish orqali kelishuvdagi majburiyatimizni bajardik... Qolgan jasadlarni topish va chiqarib olish esa katta sa’y-harakatlar hamda maxsus texnik vositalarni talab qiladi», deya Al-Qassam brigadalari bayonotidan iqtibos keltirmoqda The Guardian nashri.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VUQ31yJDTK8" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA