Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlar fuqarolari 12 oktyabrdan boshlab Shengen hududiga kirishda barmoq izlari topshiradi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi. 29 ta Yevropa davlatining tashqi chegaralarini kesib o‘tishning yangi qoidalari kuchga kirdi.
Shengen zonasi mamlakatlari EES (Entry Exit System) elektron kirish va chiqish tizimini joriy etdi. Ular xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtomobil chegara punktlari va dengiz portlarida uchinchi davlatlar fuqarolarining kirish va chiqishdagi biometrik ma’lumotlarini to‘playdi va tekshiradi.
Rossiyada 120 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni mustaqil ravishda topib, ularga hujum qila oladigan “Klin” droni namoyish qilindi. Ushbu dron yaqinda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmalardan birida ko‘rsatildi. Ma’lum qilinishicha, dron “havo mina maydoni” sifatida ishlashga va havoda taxminan 80 daqiqa navbatchilik qilishga qodir. Uning ko‘tarilish massasi 13,5 kilogram, parvoz va hujum tezligi soatiga 108-300 kilometrni tashkil etadi. Dronning uzunligi 1600 mm, qanoti 1920 mm, parvoz balandligi 2000 m gacha, parvoz masofasi 120 kilometr. “Klin” jangovar qismining og‘irligi 5 kilogrammni tashkil etadi. Ushbu dron havoda portlatish tizimi bilan jihozlangan va ikki turdagi jangovar qismga ega: kumulyativ va fugas.
AQSHning Texas shtatida xususiy samolyot avtomobillar ustiga qulab tushdi, hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Fox News xabar berdi. Hodisa 12 oktyabr kuni Xiks aerodromi yaqinida sodir bo‘lgan. Kichik xususiy samolyot yengil va yuk mashinalari turgan avtoturargohga qulab tushgan. Hozircha jabrlanganlarning aniq soni noma’lum, ammo fojia joyida ikkita jasad topilgan. Voqea joyiga tergovchilar yetib kelgan va falokat yuz bergan joyga tutash yo‘lni vaqtincha yopgan.
Microsoft asoschisi Bill Geyts vaznni kamaytiruvchi dori vositalarini kambag‘al mamlakatlarga yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi. Milliarder va Amerika sog‘liqni saqlash tashkiloti direktori doktor Jarbas Barbosa bunday dorilar juda samarali bo‘lsa-da, ularning qimmatligi sababli dunyo bo‘ylab teng taqsimlanmayotganini ta’kidladi. Hozirda semizlikdan aziyat chekayotgan 1 milliardga yaqin insonning 70 foizi past yoki o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydi. Bu davlatlar semirish epidemiyasi va u bilan bog‘liq diabet hamda yurak kasalliklari kabi muammolarni moliyaviy jihatdan hal etishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Eronda “haqoratli” hisoblangan o‘yinchoqlarni ishlab chiqargan va sotganlar jinoiy javobgarlikka tortila boshlanadi. Bu haqda Iran International xabar berdi. So‘nggi paytlarda bunday o‘yinchoqlar ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim do‘konlarda keng tarqala boshlagan. Murtazo va Marziya kabi nomlar ostida sotiladigan qo‘g‘irchoqlar gorillalar, maymunlar yoki cho‘chqalar kabi hayvonlar shaklidagi stressni yengillashtiruvchi o‘yinchoqlar sifatida ishlab chiqilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1QnoXX_pi70" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA