Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest
17:44 / 2025-09-25

“Rossiya” aviakompaniyasiga tegishli samolyot 24 sentyabr kuni Sheremetevo aeroportida boshqa bort bilan to‘qnashib, zarar ko‘rdi. Bu haqda aviatashuvchiga tayanib, «TASS» xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, gap Moskva – Sankt-Peterburg reysi haqida ketmoqda.

Samolyot uchishga tayyorgarlik jarayonida yo‘lakda Hainan Airlines aviakompaniyasining Airbus A330 samolyoti bilan to‘qnashgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Rossiya” samolyotining qanoti boshqa bortning boshqaruv qismiga tekkan.

Daniyaning Olborg aeroporti hududida noma’lum dronlar aniqlangani sabab havo bandargohi vaqtincha yopildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Olborg aeroporti nafaqat fuqarolik, balki harbiy aviatsiya uchun ham muhim hisoblanadi. Politsiya holat yuzasidan surishtiruv boshlab yuborgan, biroq dronlarning egasi va ularning maqsadi hali aniqlanmagan. Rasmiylar zarurat tug‘ilgudek bo‘lsa, uchuvchisiz qurilmalarni urib tushirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Qozog‘iston Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaroda vositachi emas, biroq Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ma’lum qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina barcha masalalarda ikki tomonlama muzokara o‘tkazishga qodir.

AQSH prezidenti Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasi doirasida arab va Fors ko‘rfazi davlatlari yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Tramp G‘azo va Yaqin Sharq bo‘yicha 21 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etdi. Bu haqda uning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Nyu Yorkdan turib ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urush tugaganidan so‘ng prezidentlik lavozimidan ketishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u Axios jurnalisti Barak Ravidga bergan intervyusida ma’lum qildi. Zelenskiy tinchlik davrida mamlakatni boshqarishni davom ettirmoqchi emasligini bildirdi. Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatishga erishilsa, parlamentdan saylovlarni tashkil etishni so‘rashga va’da berdi. “Urush tugagandan so‘ng faoliyatingizni tugatasizmi”, degan savolga Zelenskiy “tayyor” ekanini aytdi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/V67Nm4u7ysY" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA