AQSH prezidenti Donald Trampning “so‘nggi ogohlantirishi”dan so‘ng HAMAS harakati G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish va “barcha mahbuslarni” ozod qilish uchun zudlik bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini e’lon qildi.
HAMASning 7 sentyabr kuni kechqurun tarqatgan bayonotiga ko‘ra, ular vositachilar orqali AQSH tomonidan o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan “ba’zi takliflarni” olgan. Falastin harakati isroillik mahbuslarni ozod qilish evaziga Isroildan “urushni to‘xtatish, G‘azo sektoridan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqish va G‘azoni boshqarish uchun mustaqil falastinliklar qo‘mitasini tuzish to‘g‘risida aniq bayonot” talab qilmoqda. Tramp Isroil kelishuv bo‘yicha u taklif qilgan shartlarni qabul qilganini aytgandi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 7 sentyabr kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishning ikkinchi bosqichiga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Bu sanksiyalar Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi sababli hamda rus neftini xarid qilayotganlarga qarshi bosimni kuchaytirish uchun joriy etilmoqda. AQSH prezidenti shu kungacha Moskva bilan muzokaralar orqali tinchlikka erishish maqsadida sanksiyalar joriy etishni cho‘zib kelayotgan edi. Ammo so‘nggi izohlar Tramp pozitsiyasining tobora keskinlashayotganidan darak bermoqda.
Saudiya Arabistoni Suriya poytaxti Damashqni vayronalardan tozalash va qayta qurishda mamlakatga yordam berishini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi. Tashabbus vayronalarni tozalash va qayta qurish ishlarini o‘z ichiga olgan yangi gumanitar loyiha asosida amalga oshiriladi. Bu qirollikning Suriya hukumati bilan aloqalarini yanada mustahkamlayotganidan darak bermoqda.
Isroil Oliy sudi 7 sentyabr kuni hukumatni falastinlik mahbuslarga yetarli oziq-ovqat bermayotganlikda ayblab, ovqat miqdori va sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi. Sud hukumatga falastinlik mahbuslarga kuniga 3 mahal ovqat berish majburiyati borligini eslatgan. Bu qaror 2024 yilda inson huquqlari tashkilotlari tomonidan kiritilgan shikoyat asosida qabul qilingan edi. Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir sud qaroriga qarshi chiqib, mahbuslarga qonunda belgilangan minimal sharoitlar berilishini aytgan. ACRI inson huquqlari tashkiloti hukumatdan qarorni darhol bajarishni talab qilib, Isroil qamoqxonalari “qiynoqlar lageriga aylangan”ini ta’kidlagan.
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida Ko‘ksaroy kontrregulyatorining bosh gidrouzelini mexanik tozalash ishlari boshlandi. Bu qurib qolgan Orol dengizini suv bilan to‘ldirishda muhim chora hisoblanadi. Bu haqda Zakon.kz (https://zakon.kz/) xabar berdi. Yangilikni mamlakat suv resurslari va sug‘orish vazirligi matbuot xizmati e’lon qilgan. Unga ko‘ra, mazkur ob’ekt 8 sentyabrdan boshlab maxsus texnika yordamida loy va qumdan tozalanmoqda. Bu ishlar suv toshadigan davrda erigan qor suvlarini xavfsiz yo‘naltirish imkonini beradi.
AQSHdan yana 39 kishi 2025 yil 7 sentyabr kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi. AQSHda qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari samolyotda vatanga qaytarildi.
“Ushbu parvoz AQSH o‘z chegaralarini mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan davomli harakatlar tizimining navbatdagi qismi hisoblanadi”, deyiladi elchixona xabarida.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XMl3TyZ7zH4" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA