Ukrainada Rossiya maxsus xizmatlariga josuslik qilganlikda va terrorchilik hujumlarni rejalashtirganlikda ayblanayotgan Buyuk Britaniya fuqarosi hibsga olindi. Bu haqda Kiyev prokuratorasiga tayanib, The Independent xabar berdi. Rasmiylarga ko‘ra, erkak Rossiya razvedkasi bilan hamkorlik qilgan va harbiy ma’lumotlarni pul evaziga sotishga rozi bo‘lgan. U urush holati sharoitida mudofaa kuchlari haqida ruxsatsiz ma’lumot tarqatganlikda ayblanmoqda.
Livan prezidenti Jozef Aun armiyaga Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday hujum yoki bosqinga qarshi javob berishni buyurdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil askarlari 30 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 1:30 da Livanning Blida shahridagi hokimlik binosiga bostirib kirgan. U yerda uxlab yotgan hokimlik xodimi Ibrohim Salameh o‘ldirilgan. Shundan so‘ng, yahudiy askarlari ikki yarim soatdan so‘ng hududdan chiqib ketgan.
AQSH Davlat departamenti Karib dengizi davlatlariga “Melissa” bo‘roni oqibatlarini bartaraf etish va unga qarshi kurashish uchun qutqaruv va insonparvarlik guruhlarini yubordi. Davlat departamentining ta’kidlashicha, favqulodda vaziyatlarga javob beruvchi mutaxassislar, jumladan, qidiruv va qutqaruv jamoalari dovuldan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlarga yo‘l olgan. Guruhlar Yamayka, Bagama orollari va Dominikan Respublikasiga 24–48 soat ichida yetib borishi kutilmoqda.
Xitoy Panqong ko‘li yaqinida yangi havo mudofaa majmuasini barpo etmoqda. Bu ob’ekt 2020 yilda Hindiston kuchlari bilan to‘qnashuv yuz bergan hududga juda yaqin joylashgan. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, First Post xabar berdi. Harbiy tahlilchilar inshootning tuzilishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ularning fikricha, majmuada tomi ochiladigan yopiq raketa uchirish joylari mavjud. Bu raketalarni uchirish jarayonida ularning joylashuvini yashirin saqlash imkonini beradi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyaning aksariyat hududlarida mehnat muhojirlari uchun patent narxlari oshiriladi. Chet el fuqarolari to‘laydigan ushbu to‘lovlarning ko‘tarilishi hududiy byudjetlar daromadlarini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan. Bu haqda Asia Plus xabar berdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CHUdgCe_yPk" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA