Afg‘oniston bilan chegara yaqinida yuz bergan to‘qnashuvlarda 5 nafar pokistonlik askar va 25 nafar jangari halok bo‘ldi. Bu haqda Pokiston armiyasiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, jangarilar 24-25 oktyabr kunlari Afg‘onistondan Pokistonning shimoli-g‘arbiy chegarasidagi Kurram va Shimoliy Vaziriston hududlariga o‘tishga uringan. Pokiston “Tolibon” hukumatini “Afg‘oniston hududidan faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarga qarshi chora ko‘rmayotganlikda” ayblagan.
Rossiya yadroviy dvigatelli “Burevestnik” qanotli raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda prezident Vladimir Putin Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, qurolli kuchlar strategik hujum kuchlari mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Unda “uchta tarkib — strategik yadroviy kuchlarning barcha komponentlari” bo‘yicha o‘quv-jangovar uchirishlar bajarildi va qurol namunalar sinovdan o‘tkazildi. Rossiya prezidenti “Burevestnik”ni noyob ishlanma deb atadi:
“Bu dunyoda hech kimda yo‘q mahsulot. Bu qurolni qo‘llashning mumkin bo‘lgan usullarini aniqlash va qurolli kuchlarda joylashtirish uchun infratuzilmani tayyorlashni boshlash kerak”, dedi Rossiya rahbari.
Luvr xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri muzeyga tushgan o‘g‘rilar bilan til biriktirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda tergovga yaqin manbalarga tayanib, The Telegraph xabar berdi. Muzey xodimi qimmatbaho buyumlar tunab ketilishidan oldin o‘g‘rilar bilan aloqada bo‘lgani aytilmoqda. Jinoyatchilar muzey xavfsizlik tizimi haqidagi maxfiy ichki ma’lumotni oldindan qo‘lga kiritgan. Ular aynan shu ma’lumotlar asosida binoga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Parij prokurori Lore Bekko ham politsiya mazkur versiyani, ya’ni jinoyatchilarga Luvr xodimi yordam bergan bo‘lishi ehtimolini tekshirayotganini tasdiqladi.
Ukraina harbiylari 26 oktyabr kuni Rossiyaning Belgorod shahridagi suv ombori to‘g‘oniga zarba berdi. Bu haqda Ukraina armiyasining uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert “Madyar” Brovdi xabar berdi. Brovdi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga uchragan Belgorod suv ombori yorilib ketgan, birinchi zarbadan boshlab suv sathi 100 santimetrga pasaygan. Ba’zi rus tilidagi Telegram kanallar suv omboriga hujumlar uch kundan buyon davom etayotganini yozmoqda. Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov “suv faqat 10 dan ortiq shaxsiy tomorqalarni qisman bosganini, uylar suv ostida qolmaganini” aytdi.
Gollivud yulduzi Anjelina Joli G‘azoda yetim bolalar uchun boshpana tashkil etishi mumkin. Bu haqda falastinlik faol Samer Sinijlavi xabar berdi.
U mazkur ma’lumotni Germaniyada Candid Foundation tomonidan tashkil etilgan onlayn konferensiyada e’lon qilgan.
“Anjelina Joli G‘azo sektorida yetimlar uchun katta SOS qishlog‘ini yaratish niyatidan xabardorman”, dedi Sinijlavi.
Urushdan vayron bo‘lgan G‘azoni qayta qurish 80 milliard dollarga baholanmoqda. Qurilish ishlari uzoq yillar davom etishi mumkin. Kelgusi oyda Qohirada bo‘lib o‘tadigan rekonstruksiya konferensiyasi xususiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan, chunki xarajatlarni hukumatlarning o‘zi qoplay olmaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/27QX2wg9eXE" title="XALQARO DAYJEST" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA