Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest (+video)
19:32 / 2025-10-21

Yaponiya tarixida ilk bor ayol bosh vazir lavozimini egalladi. Sanae Takaiti mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) rahbari etib saylandi. Bu haqda BBC xabar berdi. 64 yoshli Sanae Takaiti mamlakatda “Temir xonim” nomi bilan tanilgan. U Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherning tarafdori hisoblanadi. Bu uning Yaponiya hukumati rahbari bo‘lishga uchinchi urinishidir. U so‘nggi 5 yil ichida janjallarga botgan LDPdan chiqqan to‘rtinchi bosh vazirga aylandi. Takaiti, shuningdek, marhum sobiq bosh vazir Sindzo Abening shogirdi sifatida tanilgan.

Telegram asoschisi Pavel Durov Luvr muzeyidan o‘g‘irlab ketilgan taqinchoqlarni sotib olishga tayyorligini aytdi. U muzeydagi o‘g‘rilik ortidan Fransiya hukumatini tanqid qildi. Durov X ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirib, unda o‘g‘rilik sababli Fransiya rahbariyati “haqiqiy tahdidlar o‘rniga soxta tahdidlar” bilan kurashayotganini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari Donald Tramp ikki hafta ichida Vengriyada uchrashishi mumkin. Bolgariya buning uchun Putin uchadigan samolyotga havo yo‘lagini taqdim etmoqchi. Bu haqda respublika tashqi ishlar vaziri Georg Georgiyev Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ishlar bo‘yicha kengash yig‘ilishida ma’lum qildi. Bolgariya TIV rahbari to‘siqsiz parvoz uchun sharoit yaratish mantiqiy ekanini ta’kidladi, chunki bu Ukrainada “tinchlikka erishish”ga qaratilganini aytdi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan urushda Ukrainaning g‘alaba qozonishiga ishonmasligini, biroq bu nazariy jihatdan mumkinligini aytdi. U bu haqda 20 oktyabr kuni Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bilan qo‘shma nutqida aytib o‘tdi.

“Ular hali ham g‘alaba qozonishi mumkin. Ular g‘alaba qozonadi deb o‘ylamayman, lekin nazariy jihatdan ular g‘alaba qozonishi mumkin. Men hech qachon ular g‘alaba qozonadi demaganman — men ular g‘alaba qozonishi mumkinligini aytganman. Har narsa bo‘lishi mumkin”, deya Trampning so‘zlarini keltiradi CNN telekanali.

Qariyb bir oy oldin Oq uy rahbari Ukraina Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘zining butun hududini avvalgi chegaralarida "kurashish va qaytarishga qodir" deb ta’kidlagan edi.

Iroq bosh vaziri Muhammad Shiya as-Sudani 20 oktyabr kuni Bag‘dodda o‘tkazilgan matbuot anjumanida nutq so‘zladi. Unda amaldor Suriyadagi ISHID tahdidi sabab AQSHning bir guruh harbiy maslahatchilari Iroqda vaqtincha qolishini ma’lum qildi. Bu haqda Gulf News xabar berdi. As-Sudaniga ko‘ra, AQSH harbiylari Iroqning g‘arbidagi Ayn al-Asad (Bag‘dod aeroporti yaqinidagi baza) va shimoldagi Al-Harir bazasida joylashadi. Bu maslahatchilar Suriyadagi Al-Tanf bazasi bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kuzatuv va muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fDtBVicFx4w" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA