AQSH prezidenti Donald Tramp HAMAS guruhi jangchilariga o‘lim bilan tahdid qildi. U o‘zining tahdidli bayonotini Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga joyladi.
“Agar HAMAS G‘azo bo‘yicha kelishuviga zid ravishda odamlarni o‘ldirishni davom ettirsa, biz majburan kirib, ularni yo‘q qilishdan boshqa choramiz qolmaydi”, deb yozdi Tramp. Gap HAMAS tomonidan G‘azo janubida taxminan sakkiz kishining otib o‘ldirilgani tasvirlangan videolar haqida ketmoqda. Guvohlar bu odamlar Isroil armiyasi bilan hamkorlikda ayblanganini aytmoqda.
Rossiyaning Amur viloyatida O‘zbekiston, Turkiya va Tojikiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Amur viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, ishchilarni olib ketayotgan avtobus yengil avtomobil bilan to‘qnashgan. Avtobusda 50 dan ortiq kishi bo‘lgan, ularning barchasi Amur gaz-kimyo majmuasi qurilishida ishlagan xorijliklardir. YTH oqibatida avtobusning 46 nafar yo‘lovchisi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasalariga yetkazilgan. Bir kishi olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Pokiston va “Tolibon” o‘rtasidagi chegaradagi to‘qnashuvlarda kamida 37 nafar tinch aholi halok bo‘lib, 425 kishi yaralandi. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi vakolatxonasi (UNAMA) xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar asosan Paktiya, Paktika, Kunar, Xost, Qandahor va Hilmand kabi oltita viloyatda qayd etilgan. Bunga “Tolibon” va Pokiston kuchlari o‘rtasida bir necha kun davom etgan artilleriya o‘qlari almashinuvi va aviahujumlar sabab bo‘ldi. Hodisa 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatga kelgach kuzatilgan Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi eng jiddiy keskinlashuv hisoblanadi. UNAMA har ikki tomonni tinch aholini himoya qilishga va o‘t ochishni to‘xtatishga rioya etishga chaqirdi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urushni faqat Xitoyning qo‘llab-quvvatlashi tufayli davom ettirish imkoniyatiga ega. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi. Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Pekin o‘z siyosiy ta’sirini kuchaytirish uchun Moskvadan foydalanmoqda. Uning fikricha, Xitoyga nisbatan puxta o‘ylangan siyosat yuritish lozim. Agar Pekin vaziyatni keskinlashtirishni to‘xtatishga tayyor bo‘lmasa, u holda Ukraina unga qarshi “qat’iy, maksimal darajada cheklovchi sanksiyalar” joriy etishi mumkin.
Xitoyning BYD avtogiganti bir vaqtning o‘zida Tang va Yuan Pro modelli 115 782 ta avtomobilini qaytarib oladi. Bunga elektromobillardan foydalanish xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan texnik nuqsonlar sabab bo‘lgan. Birinchi bosqichda 2015 yil mart oyining oxiridan 2017 yil iyuligacha ishlab chiqarilgan 44 535 ta Tang qaytarib olinadi. Ushbu krossoverlarda elektromotor kontrollerining konstruktiv xatoligi aniqlangan. Ma’lum sharoitlarda bu mikrosxemaning qizib ketishiga va elektr harakat tizimi ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Eng yomon holatda — yong‘in xavfi yuzaga keladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ddoXlCN_4bk" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA