Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest (+video)
20:11 / 2025-10-07

Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi mamlakatning har qanday vizasiga ega bo‘lganlarga umra ziyoratini ado etish imkoni berilganini ma’lum qildi. Bu haqda Gulf News xabar berdi. Vazirlikning rasmiy X sahifasida aytilishicha, yangilik shaxsiy va oilaviy tashrif vizalari, tranzit, hamda ish vizalari, shuningdek, sayyohlik elektron vizalari uchun amal qiladi. Umra safarini osonlashtirish uchun “Nusuk Umrah” platformasi ham ishga tushirilgan. Ushbu platformaga tashrif buyurib, qulay paketni tanlash va vizani tezda olish mumkin.

AQSH Isroilga 2023 yil 7 oktyabrdan buyon kamida 21,7 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ko‘rsatgan. Bu haqda Brown universitetining “Urush narxi” loyihasi doirasida tayyorlangan yangi hisobotida ma’lum qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu mablag‘lar AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden va amaldagi prezident Donald Tramp davrida ajratilgan. Qo‘shma Shtatlar birgina urushning birinchi yilida — Bayden prezidentlik qilgan davrda — Isroilga 17,9 milliard dollar ajratgan. Ikkinchi yilda esa bu ko‘rsatkich 3,8 milliard dollarni tashkil etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) chikungunya virusi tarqalishining jiddiy xavfi haqida ogohlantirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 1 yanvardan 30 sentyabrgacha dunyoning 40 mamlakatida 445 271 ta shubhali va tasdiqlangan holat kuzatilgan. Shuningdek, kasallikdan 155 kishi vafot etgan.

Yevropa Ittifoqi davlatlari 19-sanksiyalar paketi doirasida Rossiya diplomatlarining ittifoq hududida erkin yurishini cheklashga kelishdi. Bu haqda Financial Times xabar berdi. Mazkur tashabbus Chexiyaga tegishli. Unga ko‘ra, Yevropada faoliyat yuritayotgan rossiyalik diplomatlar qabul qiluvchi davlat chegarasini kesib o‘tishdan avval boshqa mamlakatlar hukumatlarini o‘z sayohat rejalari haqida xabardor qilishi lozim. Ushbu taklifga dastlab Vengriya qarshi chiqqan, endilikda u ham vetosini qaytarib oldi.

Illinoys shtati va Chikago shahri 6 oktyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp administratsiyasini sudga berdi. Bunga Trampning shtatga 300 nafar Milliy gvardiya askarini yuborish qarori sabab bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

“Javobgarlarning federal qo‘shinlarni Illinoysga yuborishi ochiqdan-ochiq qonunga xilof. Da’vogarlar suddan AQSH Milliy gvardiyasi a’zolarining noqonuniy, xavfli va konstitutsiyaga zid federallashtirilishini to‘xtatishni so‘ramoqda”, deyiladi da’vo arizasida.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yYP1qw0pBdE" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA