AQSH prezidenti Donald Tramp bo‘lgan vertolyotga lazer nuri yo‘naltirildi. Hodisa Oq uy yaqinida sodir bo‘ldi. Bu haqda NBC News xabar berdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, lazer nurini yo‘naltirgan 33 yoshli Jeykob Samuel qo‘lga olingan. Hodisa kuni Maxfiy xizmat xodimi Oq uy yaqinida noma’lum shaxsni aniqlagan. Tergovchilarning aytishicha, uning yonidan tig‘li pichoq ham topilgan. Qonunga ko‘ra, lazer nurini samolyotga yo‘naltirish federal jinoyat hisoblanadi va bu 5 yilgacha qamoq hamda 250 ming dollargacha jarimani nazarda tutadi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidenti Donald Trampdan Falastin hududlarini o‘ziga qo‘shib olish uchun “yashil chiroq” kutmoqda. Bu haqda Axios portali o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda. Axios’ning yozishicha, sentyabr oyi boshida Netanyaxu AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan Quddusda uchrashganda, Falastinni o‘ziga qo‘shib olishning turli variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan.
Ukraina Rossiya boshlab bergan urushni to‘xtatish va ukrainalik bolalarni vatanga qaytarish ustida ishlamoqda. Bu haqda BMT tashkil etilganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
“Biz Rossiya agressiyasini unutmaymiz. Urushni to‘xtatish uchun bor kuchimizni sarflamoqdamiz. Bolalarimiz uchun uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ishlamoqdamiz”, degan Ukraina prezidenti.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Falastinni davlat sifatida tan olganini e’lon qildi. Fransiya rahbari 22 sentyabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida nutq so‘zladi. U yerda Fransiya va Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan davlat va hukumat rahbarlari sammiti o‘tkazilmoqda.
Keyinroq xuddi shu yig‘ilishda Belgiya bosh vaziri Bart De Vever, shuningdek, Monako, Malta va Lyuksemburg rahbarlari ham Falastinni davlat sifatida tan olganlarini e’lon qildi. Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya 21 sentyabr kuni Falastin davlatini tan olgan edi. Tegishli qaror keyinchalik Portugaliya tomonidan ham qabul qilingan. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud boshqa davlatlarni ham shunday yo‘l tutishga chaqirgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qozog‘istonlik hamkasbi Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashganini ma’lum qildi. Bu haqda siyosatchi o‘zining Telegram kanalida xabar berdi. Zelenskiy o‘z bayonotida Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani uchun Qozog‘istonga minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan. Unda yetakchilar ikki tomonlama iqtisodiy va gumanitar hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Vladimir Zelenskiy Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GTmAMKfiBYs" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA