Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi qurilishda markaziy osiyolik migrantlar o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi. Hodisa 16 sentyabr kuni Ligovskiy prospektida sodir bo‘lgan. Mojaro tom ta’miri texnologiyasi va qurilish materiallari bo‘yicha kelishmovchilik sabab yuzaga kelgan. Dastlab og‘zaki tortishuv bo‘lgan, so‘ng migrantlar metall va yog‘och tayoqlar bilan bir-biriga hujum qilgan. Hodisadan so‘ng politsiyaga 21–41 yosh oralig‘idagi 11 nafar Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari hamda bir mahalliy aholi vakili olib kelingan.
Isroil va Suriya vakillari 17 sentyabr kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonda yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi. Uchrashuvda Suriya tashqi ishlar vaziri Assad Xasan Sheybani, Isroilning strategik masalalar bo‘yicha vaziri Ron Dermer ishtirok etgan. Manbalarning xabar berishicha, uchrashuvga AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Tom Barrak ham kelgan. Uning vositachi sifatida qatnashgani aytilmoqda.
Qohiradagi Misr Milliy muzeyining restavratsiya bo‘limida fir’avn Amenemopetga tegishli bo‘lgan bilaguzuk yo‘qoldi. Bu haqda Misr qadimiy yodgorliklar vazirligiga tayanib, CBS News xabar berdi. Fir’avn Amenemopet miloddan avvalgi 993-978 yillarda hukmronlik qilgan. Bilaguzukning yoshi taxminan 3 ming yil. U lazurit aralashgan sof oltindan ishlangan, taxminan 600 gramm og‘irlikda. Buyum yo‘qolganini inventarizatsiya paytida aniqlashgan.
Xitoyning Aeroht kompaniyasiga tegishli ikkita uchar elektromobil 16 sentyabr kuni havoda to‘qnashdi. Bu haqda CNN xabar berdi. Hodisa 16 sentyabr kuni Chanchun shahrida o‘tkazilayotgan aviashou repetitsiyasi vaqtida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, elektromobillardan biri ikkinchiga haddan tashqari yaqinlashgan, oqibatda to‘qnashuv yuz bergan. Kompaniya voqea sabablarini o‘rganish uchun tekshiruv boshladi.
Jahon savdo tashkiloti (JST) sun’iy intellekt 2040 yilga kelib, tovar va xizmatlar savdosining qiymatini deyarli 40 foizga oshirishi mumkinligini bildirdi. Biroq yetarli siyosiy choralar ko‘rilmasa, sun’iy idrok iqtisodiy tafovutlarni yanada kuchaytirishi mumkin. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi. JSTning hisobotiga ko‘ra, savdo xarajatlarining pasayishi va yuqori mahsuldorlik 2040 yilga kelib savdo va yalpi ichki mahsulotning oshishiga olib keladi. Jahon savdosi 34–37 foiz ko‘tariladi. Shuningdek, global YAIM 12–13 foizga ortishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Rn7qxuEPCHk" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA