Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest (+video)
20:11 / 2025-09-16

Rossiyada urushga jalb qilingan mahbuslarga nisbatan jazo og‘irlashtiriladi. Hukumatning qonunchilik bo‘yicha komissiyasi tegishli tuzatishlarni ma’qulladi. Endilikda harbiy qismni o‘z boshimchalik bilan tashlab ketish (JK 337-modda), dezertirlik (338-modda) va xizmatdan qochish maqsadida kasallikni soxtalashtirish yoki boshqa usullar (339-modda) uchun jazo muddati uzaytiriladi. Gap allaqachon qamoqqa hukm qilingan va shartli ravishda jazoni o‘tashdan ozod etilgan, shuningdek, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagach, jinoiy ishlari to‘xtatilgan fuqarolar haqida bormoqda. Qismni o‘zboshimchalik bilan tark etganlik yoki uzrsiz sabablarga ko‘ra 2 kundan 10 kungacha xizmat joyiga kelmaganlik uchun ularga ikki yildan 6 yilgacha, bir oy davomida kelmaganlik uchun - uch yildan 8 yilgacha, undan ortiq bo‘lsa - yetti yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 15 sentyabr kuni mamlakat harbiy kuchlari Venesuelaga tegishli yana bir qayiqqa zarba berib 3 kishini yo‘q qilganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, qayiq Venesueladan Qo‘shma Shtatlarga qarab yo‘lga chiqqan va bortida giyohvand moddalar bo‘lgan.

Buyuk Britaniya yaqinda Rossiya dronlarining Polsha havo hududiga buzib kirishi ortidan boshlangan NATOning “Sharqiy qo‘riqchi” operatsiyasida ishtirok etish uchun Typhoon qiruvchilarini yuboradi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, britan qiruvchilari Polsha havo hududini himoya qiladi. Linkolshir grafligidagi Koningsbi aviabazasida joylashgan samolyotlar “yaqin kunlarda” parvozlarni boshlaydi. Ularga Briz-Norton bazasidan ko‘tariladigan Voyager yonilg‘i quyuvchi samolyotlari hamrohlik qiladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdog‘an Isroilning mintaqadagi harakatlari barqarorlikka xavf tug‘dirayotganini ta’kidlab, islom dunyosi mamlakatlarini unga qarshi sanksiyalar qo‘llasha chaqirdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi. Erdo‘g‘on tegishli bayonotni Qatarda o‘tkazilayotgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi qo‘shma sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

BMTning so‘z erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Iren Xan G‘azoda jurnalistlarning o‘ldirilishi genotsidni yashirishga bo‘lgan urinish ekanini ta’kidladi. Bu haqda Anadolu xabar berdi. U o‘zining G‘azo va bosib olingan Falastin hududlaridagi vaziyat yuzasidan tayyorlagan hisobotini BMT Inson huquqlari kengashining 60-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida taqdim etgan.

“Jurnalistlar ataylab nishonga olingan, chunki ularning ishlari vahshiylik, jinoyat va genotsidni fosh qilardi. Bu shunchaki o‘ldirish emas — bu tarixning o‘zini o‘ldirishga urinish. Bugun G‘azoda aynan mahalliy jurnalistlar bu qirg‘inning asosiy qurboniga aylangan, chunki boshqa hech kim qolmagan”, dedi Iren Xan.

Xanning aytishicha, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil tomonidan 252 nafar jurnalist ataylab o‘ldirilgan. U o‘z chiqishida vaziyatning favqulodda ekaniga alohida urg‘u bergan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GA1Cy0Jf1lI" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA