Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest (+video)
19:25 / 2025-09-04

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni cho‘zib, bu orada frontda yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor odamlar Bloomberg agentligiga xabar berdi. Yevropa davlatlari va Ukraina prognozlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Pokrovsk atrofida yirik hujum boshlashi mumkin. Rus qo‘shinlari bu shaharni bir yildan ortiq vaqt davomida egallay olmayapti. O‘tgan hafta o‘tkazilgan Ukraina bo‘yicha muzokaralarda Germaniya va Fransiya rasmiylari Rossiyaning Pokrovsk yaqinida kuch to‘playotganini muhokama qilgan. 29 avgust kuni esa prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya bu hududga 100 ming askar yuborganini ma’lum qildi.

Nigeriyada 2 sentyabr kuni yuzdan ortiq yo‘lovchini olib ketayotgan qayiq ag‘darilib ketdi. Oqibatida 60 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi. Fojia seshanba kuni, mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida sodir bo‘lgan. Qayiq Tungan Sule shahridan Dugga qishlog‘iga ketayotgan bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qayiq suv ostidagi daraxt to‘nkasiga urilgan va og‘ir yuk sababli ag‘darilib, cho‘kib ketgan. Qayiqda asosan ayollar va bolalar bo‘lib, ular Duggaga ta’ziya bildirish uchun yo‘l olgan edi.

Meksikadagi hayvonot bog‘ida yo‘lbars rejalashtirilgan ko‘rik vaqtida veterinarga hujum qildi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi. Hodisa Xalisko shtatining Mazamitla shahrida joylashgan hayvonot bog‘ida yuz bergan. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Unda veterinar Aleksandra Mora yirtqichni ko‘zdan kechirayotganda, yo‘lbars to‘satdan unga tashlanib, ayolning kurtkasidan ushlagani va tishlarini bo‘yniga sanchmoqchi bo‘lgani ko‘rinadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosib olingan hududlardan yangi hujumlar uchun tramplin sifatida foydalanmoqda, shu sababli Ukraina hududiy yon berishga rozi emas. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy Le Point nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi ommaviy axborot vositalari ukrainalik askarlar sharqiy hududlarni tark etganida tinchlik o‘rnatilgan bo‘lardi, deb yozmoqda. Ukraina prezidenti bu haqiqatdan yiroq ekanini aytdi. U 2014 yil bosib olingan Qrimni misol qilib keltirdi. Mazkur bosqin Rossiyaga 2022 yil Ukraina janubini egallashda tramplin vazifasini o‘tagan.

AQSH federal sudi Google kompaniyasini foydalanuvchilarning maxfiyligini buzganlikda ayblab, 425 million dollar jarimaga tortdi. Bu haqda BBC xabar berdi. Sudning aniqlashicha, foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlar kuzatuvi funksiyasini o‘chirgan bo‘lsa ham, Google ma’lumotlarni yig‘ishda davom etgan. Da’vo 2020 yilda berilgan bo‘lib, taxminan 98 million foydalanuvchi va 174 million qurilmaga taalluqli. Dastlab, da’vogar tomon 31 milliard dollardan ortiq kompensatsiya talab qilgan edi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9840w8z7FZ8" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA