Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro dayjest (+video)
19:54 / 2025-06-18

Eron Isroilning havo hududi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, Eron havo kuchlari Isroilga qilgan tungi hujum paytida yahudiy davlati osmoni ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi yangi birinchi avlod qurollaridan foydalangan holda muvaffaqiyatli hujum amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Isroil hukumati Eron bilan keskinlik ortgani sababli fuqarolariga mamlakatdan chiqishni taqiqladi. Ma’lum qilinishicha, hukumat ichki aviakompaniyalarga isroillik yo‘lovchilarni xalqaro reyslarga qo‘ymaslikni buyurgan. Bunga Eronning Isroil aeroportlariga ehtimoliy hujumi xavfi sabab bo‘lmoqda. Isroilning asosiy xalqaro darvozasi bo‘lgan Ben-Gurion aeroporti “keyingi ogohlantirishgacha” yopilgan.

Dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzey, san’at, go‘zallik va tolerantlikning global ramzi bo‘lgan Luvr 16 iyun kuni yopildi. Xabarga ko‘ra, yopilishning sababi urush va terror emas, balki muzeyning charchagan xodimlari ekanligi aytilmoqda. Ular muassasaning “ichidan qulayotganini” bildirgan va ish tashlash e’lon qilgan. Galereya xodimlari, chipta sotuvchilari va xavfsizlik xodimlari boshqarib bo‘lmaydigan olomon, xodimlarning surunkali yetishmovchiligi va kasaba uyushmasining “chidab bo‘lmaydigan” mehnat sharoitlaridan norozi. 

Rossiya yiliga 113 ta kosmik parvozni amalga oshirish orqali Xitoyni ortda qoldirmoqchi. Mamlakat prezidenti Vladimir Putin “Rossiya kosmik faoliyatini rivojlantirish” milliy loyihasini tasdiqladi. Bu haqda “Roskosmos” rahbari ma’lum qildi. Loyihani amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 4,5 trillion rubl ajratiladi. 

Isroil qo‘shinlari 17 iyun kuni G‘azo yordam markazlarida kamida 70 nafar falastinlikni tank snaryadlari, pulemyotlar va dronlardan o‘qqa tutib, o‘ldirdi. Hodisa oqibatida yana yuzlab odamlar jarohatlangani aytilgan. Isroil va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan G‘azo gumanitar jamg‘armasida uch haftadirki, aholi qirg‘ini to‘xtatgani yo‘q.

Turkiya mudofaa vaziri Yashar Gyuler 18 iyun kuni Eron bilan chegaradosh hududga joylashtirilgan qo‘shinlarni ko‘zdan kechirdi. Vazir Van viloyatidagi Boshqale tumaniga tashrif buyurgan. Bu Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshgan. Isroil 13 iyun kuni Eron hududiga hujum uyushtirdi, Tehron esa bu aviahujumga javob qaytardi. Vaziyat jiddiy va notinchligicha qolmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WYuf5A8SbWg" title="Isroil o‘z fuqarolariga mamlakatni tark etishni taqiqladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA