Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro Dayjest: oxiri ko‘rinmayotgan urushlar, Bayden va’dasi, Amerikaning oyga parvozi (+video)
21:25 / 2024-03-02

O‘tgan hafta Rossiya – Ukraina ziddiyati avj olganiga 2-yil to‘ldi. Prezident Vladimir Zelenskiy 31 mingta askar halok bo‘lgani, 10 mingdan ziyod begunoh aholi vafot etganini ochiqladi.

Ukraina urush uzoq davom etishini hisobga olib, qo‘shimcha qurol va dron ishlab chiqarish rejasini ma’lum qildi. Mudofaa vaziri Rustem Umerov aytishicha, raqibga qarshi tuzilgan yangi reja bu yil natija keltiradi. Harbiylar uchun o‘q uzish joylari barpo etilgan, yangi istehkom qurilishi ustida ish olib borilyapti.

Nizo cho‘zilarkan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchilarda ham charchoq sezilmoqda. Masalan, AQSH Kongressida yuzaga kelgan qarama-qarshilik tufayli 60 milliard dollarlik yordam muzlatib qo‘yilishi Kiyevga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Buning ustiga Oq uy amerikalik askarlar Ukrainaga bormasligini ma’lum qildi. Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiko ham, boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, qo‘shin yuborish niyatida emasligini bildirdi.

Fevral oyi oxirida Parijda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan konferensiyada Prezident Emmanuel Makron Yevropa davlatlari o‘rtasida harbiy qo‘shin jo‘natish haqida hozircha umumiy fikr yo‘qligi, ammo kelajakda bunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinligini istisno etmadi. Makron Yevropa davlatlarini umumiy xavfsizlikni ta’minlashga chaqirgan.

Germaniya, Fransiya va Yevropaning qator davlatlarida Ukrainaning arzon import narxi va qishloq xo‘jaligidagi cheklov asnosida fermerlar namoyishga chiqa boshladi. O‘tgan hafta Belgiyada joylashgan EI binosi oldida namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Fermerlar Bryussel shahriga 900 ta traktor bilan kirib borgan, o‘sha vaqt Yevropa Ittifoqi davlatlari vazirlari qishloq xo‘jaligidagi muammolarni muhokama qilish uchun yig‘ilgan edi.

Hatto, jahon urushida ham biror ittifoqqa ehtiyoj sezmagan Shvetsiya Vengriya roziligidan so‘ng NATOga 32 davlat sifatida kirishga tayyor turibdi. O‘tgan yil Finlyandiya a’zolikni qo‘lgan kiritgan.

Dunyoning yana bir qaynoq nuqtasiga aylangan G‘azo sektorida mojaro tinmayapti. Kutilganidan cho‘zilgan urush allaqachon hududni ocharchilik yoqasiga olib keldi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, Isroil yo‘llarni to‘sib qo‘yishi sababli G‘azo shimoliga 23-yanvardan boshlab yordam bormagan edi. Iordaniya 28-fevral kuni to‘rt samolyotda gumanitar yordam eksklavning janubiy sohiliga yetkazilganini ma’lum qildi. Falastinliklarni qo‘llayotgan Yaman xusiylari Qizil dengizda Isroil va ittifoqchilarga tegishli kemalarga hujumni davom ettirmoqda. Britaniya Savdo palatasi xabariga ko‘ra, minglab kemalar narx oshishi, dengizni aylanib o‘tishda qiyinchilik yuzaga kelishidan aziyat chekmoqda. Isroil nashrlari yozishicha, xusiylar Osiyo va Yevropani bog‘laydigan internet aloqasini ta’minlovchi to‘rtta suv osti simiga ziyon yetkazgan.

Arab va musulmon davlatlari Qo‘shma Shtatlar tomonidan Isroil qo‘llab-quvvatlanishi urush mintaqaga keng yoyilib ketishiga olib kelishidan ogohlantirib keladi. Jurnalistlarning tinchlikka erishish yo‘li haqidagi savoliga javoban Bayden kelayotgan dushanbagacha o‘q otish to‘xtatilishini aytgan. Isroil ham Ramazon oyida mahbuslarni G‘azodan olib chiqib ketish uchun jangni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi.

Dunyoda urushlar tinmayotgan bir vaqtda tabiat ham injiqlik qilyapti. Olimlarlar Antarktidadagi muz qoplamasi sezilarli darajada kamayib borayotganini aytgan. Muz qalinligi hozir 1-2 metrdan oshmaydi. OAV Antarktida butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida ekanini yozmoqda. Dengiz muzi pasayishi pingvin, tyulen va boshqa jonzotlarga xavf tug‘dirishi muqarrar. Turkiyalik tadqiqotchilar fikricha, qit’ada ushbu mamlakat hududiga teng keladigan muz uch yil davomida erib ketgan.

26-fevraldan 1-martga qadar Keniya poytaxti Nayrobida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim sammitida ob-havo o‘zgarishi, atrof-muhitga ta’sir masalalari ko‘tarilgan.

Shu kunlarda Avstraliya va Amerika yirik o‘rmon yong‘inlarini boshdan kechirmoqda. Yashil qit’a hukumati Viktoriya shtati g‘arbiy qismida 30 mingga yaqin kishini evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi. 20 ming gektarga yaqin yer kulga aylangan. Texasdagi yong‘inda 2 kishi halok bo‘lib, 435 ming gektar yer olov ichida volgan.

<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/_OsDRPtd8kg" title="Xalqaro Dayjest: oxiri koʻrinmayotgan urushlar, Bayden vaʼdasi, Amerikaning oyga parvozi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Dasturimiz so‘ngida fazodan gapiramiz.

O‘tayotgan hafta Amerika kemasi oyga qo‘ndi, deb xabar berdi NASA. Qo‘shma Shtatlarning xususiy “Odisseys” fazo kemasi 15-fevral kuni fazoga ko‘tarildi. AQSH qurilmasi Yerning tabiiy yo‘ldoshi sathiga oxirgi marta 1972-yil qo‘ngan edi. Shuningdek, NASA kichik sun’iy yo‘ldoshni quvvatlantirish uchun yupqa quyosh panelidan foydalanishini e’lon qildi. Bnday panellar kam joy egallab, avvalgilariga qaraganda uch karra ko‘proq quvvat tarqatadi. Yana bir xususiy kompaniya – “SpaceX”ning “Falcon-9” raketasi 24 ta kichik sun’iy yo‘ldoshdan iborat navbatdagi guruhni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi. 2019-yildan beri “SpaceX” “Starlink” loyihasi doirasida fazoga yo‘llagan 5 900 ga yaqin shunday sun’iy yo‘ldoshning 5 600 dan ko‘pi faol ishlamoqda.

Sardorbek Poyonov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.