-
“All eyes on Rafah”
“All eyes on Rafah” posti bir haftaga yetmay, Instagramda 50 millionga yaqin foydalanuvchi tomonidan ulashilgan. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilayotgan falastinliklarning lagerdagi chodiri tasvirlangan, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda ommalashgan suratda “Hammaning nigohi Rafohda” shiorini ko‘rish mumkin. Bu post sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan. Ushbu marafon 26 may kuni Isroil askarlari Rafohdagi qochqinlar lageriga havodan zarba yo‘llaganidan so‘ng tarqaldi.
“BBC” xabariga ko‘ra, ushbu shiorni malayziyalik yosh internet foydalanuvchisi o‘z sahifasiga joylashtirgandan so‘ng tezda ommalashib ketgan. Shundan keyin butun dunyo bo‘ylab avj olayotgan mitinglarda ham “All eyes on Rafah” so‘zlari ishlatila boshlangan.
Begunoh aholi vakillari chodirda yonib ketishi dunyo bo‘ylab urushga qarshi namoyish qaytadan avj olishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, London markazida 10 mingdan ortiq odam “G‘azodan qo‘lingni ol!” so‘zlari tushirilgan bannerlar bilan ko‘chaga chiqqan. Italiyada urushga qarshilar temir yo‘l bekatini egallab olgan. Meksikaliklar esa Isroil elchixonasi oldiga to‘plangan. AQSHning Kaliforniya shtatidagi bir necha universitetda o‘qituvchi va tadqiqotchilar ish tashlamoqda. Parij markaziy ko‘chalarida ham norozilik namoyishini kuzatish mumkin.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an G‘azodagi urushga nisbatan jimlik saqlagani uchun G‘arb yetakchilarini Isroilning “o‘zboshimchaligi”ga sheriklikda aybladi.
Sloveniya Tashqi ishlar vazirligi ushbu mamlakat Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olganini aytgan.
Hafta boshidagi voqealardan so‘ng Netanyaxu xalqaro bosimga duch keldi, ammo u urushni o‘z maqsadiga yetmaguncha to‘xtatmasligini bildirgan.
Hafta oxiriga kelib Isroil o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish taklifini XAMASga taqdim etgan. Bu haqda Prezident Jo Bayden ma’lum qildi. Kelishuv bir necha bosqichdan iborat: avval o‘t ochishni 6 haftaga to‘xtatish, asirlarni almashish keyinchalik urushni butunlay to‘xtatish maqsad qilingan.
Zelenskiyning Yevropaga bosimi
O‘tayotgan hafta Zelenskiyning asosiy tashvishi ittifoqchilaridan olgan quroldan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat olish bo‘ldi. Payshanba kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari Pragada ayni masala bo‘yicha yig‘ildi. Hozirga qadar so‘rovga rozilik bildirgan o‘n beshga yaqin davlat Ukrainaga bunday huquq berilishi vaziyatni keskinlashtirsa-da, Kiyev o‘zini himoya qilishi uchun muhim, deb biladi. Bayden AQSH bergan qurolni faqat Xarkov hududi yaqinida qo‘llashga ruxsat bergan.
Rossiya va Ukraina o‘zaro asirlarni almashdi. Ukraina 71 harbiy va 4 nafar oddiy aholi vakilini uyiga qaytargan. Rossiya tomoni esa 75 nafar harbiy xizmatchini ortga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Ukrainada urush xarajati ko‘payishi asnosida yuqori daromadli va biznes kompaniyalariga soliq oshirildi. Moliya vazirligi fikricha, o‘zgarish 2 million kishiga ta’sir qilishi mumkin. Jang qilayotganlar uchun imtiyoz beriladi. Qayd etilishicha, Rossiya 2022-2023 yillarda jami 73 milliard dollar miqdorida byudjet taqchilligiga duch kelgan.
Aybdor!
Nyu-York hakamlar hay’ati sobiq Prezident Donald Trampni 2016 yilgi saylov kampaniyasiga tahdid solgan to‘lovni yashirish uchun biznes yuritmasini soxtalashtirishda aybdor, deb topdi.
Ilgari surilgan barcha 34 band bo‘yicha aybdor, deyilayotgan Trampga nisbatan rasmiy hukm 11 iyul kuni e’lon qilinadi. U 4 yildan 136 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Tramp hakamlar hay’ati qarorini “sharmandalik” deb atadi va o‘zini siyosiy mahbus, deb e’lon qildi. U uy qamog‘iga olingan taqdirda ham, bu AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yishiga to‘sqinlik qilmaydi. Qolaversa, u qamoqqa yuborilsa va saylovda g‘alaba qozonsa, turmadan turib prezidentlik vakolatini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Armanistonda namoyish
Boku va Yerevan o‘rtasidagi Tavush viloyatidagi chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuv xabaridan keyin mamlakatda Nikol Pashinyan iste’fosi talab qilinayotgan namoyishlar boshlandi.
Yerevan Ozarbayjon SSR tarkibiga kirgan va o‘tgan asr 90-yillaridan boshlab Armaniston nazoratiga o‘tgan 4 qishloqni Bokuga qaytargan.
Bosh vazir Tavushdan boshlanadigan chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni Armaniston uchun xavfsizlik kafolati bo‘lishini ma’lum qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n_MHnfpHOqw" title="Xalqaro dayjest: Gʻazodan qoʻlingni ol!, Yerevanda namoyishva Isroilga bosim" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sardor Poyonov, O‘zA