Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan unumli foydalanayotgan korxonalardan biri – “ISOMER OIL” MCHJfaoliyati o‘rganildi.
Viloyatning Kogon tumanida o‘tkazilgan sayyor uchrashuvlar davomida korxonaning neft mahsulotlarini qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, bojxona rejimi afzalliklaridan foydalanish orqali erishilayotgan yutuqlari muhokama qilindi.

Mazkur korxona “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan samarali foydalanishi natijasida daromadlarini oshirish va xarajatlarini qisqartirishga erishdi. Buningnatijasida esa, korxona bir vaqtning o‘zida 8 ta konteynerga yoqilg‘i quyish imkonini beruvchi estakadani ishga tushirdi. Ishlab chiqaruvchilar bugungi kunda 60dan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlash bilan cheklanib qolmasdan, yana 20 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan.
Joriy yil davomida korxona 1,33 million AQSH dollarlik yoqilg‘i mahsulotlarini Afg‘onistonga eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa, korxonaning xalqaro bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.