Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro biznes-forum o‘zbek va nemis mutaxassislari uchun qulay muloqot maydonini yaratdi
18:41 / 2023-09-13

Toshkentda “Elektron hukumat hujjatlarining afzalliklari: ilg‘or xorijiy tajriba va tendensiyalar” mavzusida xalqaro biznes-forum tashkil etildi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi “Vades Group” korxonasi  va Germaniyaning “Infineon Technologies AG” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, xorijiy investorlar uchun berilayotgan qator imtiyozlar va ularning qo‘llab-quvvatlanishi kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi chog‘ida yirik kompaniya va ishbilarmonlar bilan uchrashuvlarda birgina elektrotexnika sanoatida umumiy qiymati 113.3 million yevroga teng 9 ta hamkorlik kelishuvlari imzolangan edi. Xususan, Germaniyaning “Infineon Technologies AG” kompaniyasi bilan yurtimizdagi “Vades Group” korxonasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra sim-kartalar, ID-kartalar, plastik kartochkalar, maishiy texnikalar va avtomobillar uchun mikrochiplar ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

– Ushbu kelishuvlar doirasida Germaniyalik mutaxassislar bugun O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhitini, yaratilgan bozor imkoniyatlarini hamda hamkorlikning kelgusi rejalarini qizg‘in muhokama qildi, – dedi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Namoz Tolipov.  – O‘zaro anglashuv memorandumining yana bir maqsadi O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish orqali elektron hukumat hujjatlari va moliyaviy kartalar sohasida texnik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdir. Ushbu biznes-forum doirasida ham asosiy e’tibor elektron hukumatni joriy etish sohasidagi ilg‘or tajriba va amaliyotlar, jahon bozoridagi tendensiyalar va ularni O‘zbekistonda tatbiq etish imkoniyatlariga qaratildi. Yaxshi ma’lumki, elektrotexnika, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati bugun eng tez va shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan sanoat tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan yaqin munosabatlarni o‘rnatmoqda. 

[gallery-13565]

Forumda ma’lumot berilganidek,  mahalliy ishlab chiqaruvchi “Vades Group” korxonasi tomonidan bugun O‘zbekistonda mobil, statsionar aloqa operatorlari va internet provayderlari uchun oldindan to‘lov kartalari, mikroprotsessorli abonent identifikatsiya modullari – xalqaro talablarga javob beradigan uyali aloqa standartlari GSM, CDMA uchun SIM kartalar va onlayn nazorat-kassa mashinalari uchun SAM kartalari – fiskal modullar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2015 yildan buyon O‘zbekistonda ham, xorijda ham buyurtmalar bo‘yicha 50 million donadan ortiq SIM kartalar ishlab chiqarildi va jo‘natildi. 2022 yildan boshlab bank kartalari ishlab chiqarishni to‘liq mahalliylashtirdi. Natijada import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar bilan ichki bozor talabini to‘liq qondirdi va kompaniya mamlakatimizning ko‘plab sohalarida qo‘llaniladigan barcha turdagi plastik mikroprotsessorli kartalarni ishlab chiqarishda yetakchilik  qilmoqda.

– O‘zbekiston bilan hamkorligimiz  amaliy natijalar beradi, –dedi Germaniyaning “Infineon Technologies AG” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Detlef Udo. – Negaki, bunda tashkil etilgan elektron hukumat hujjatlarining afzalliklari, ilg‘or xorijiy tajriba va tendensiyalar haqida fikr almashish katta imkoniyat yaratadi. Sohada tomonlar o‘rtasida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun bu juda muhimdir.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri