Shu kunlarda Polsha Respublikasining Mazoviya voyevodaligi rasmiy delegatsiyasi amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Shu munosabat bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh mehmonxonalar majmuasi hududida Toshkent viloyati vakillari va mehmonlar o‘rtasida “Biznes Forum” bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab Toshkent viloyati rahbariyati hamda Mazoviya voyevodaligi rasmiy delegatsiyasining tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazilib, asosiy masalalar ko‘rib chiqildi.


Biznes forumda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Polsha Respublikasining Mazoviya voyevodaligi marshali Adam Struzik boshchiligida 20 nafardan ortiq xorijiy mehmonlar, shuningdek, viloyat biznes doirasi vakillari, mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Polsha Respublikasining ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yaqin strategik sherikchilik asosida rivojlanib bormoqda.


– Maqsadimiz O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir. Har bir tashabbus, har bir loyiha to‘liq amalga oshirilishda viloyatimiz mutasaddilari yaqindan yordam beradi. Kiritilgan har bir taklif, aytilgan har bir loyiha bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilishga va ularni shaxsan o‘zim qat’iy nazoratimga olishga tayyorman, – dedi forum avvalida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.


Ta’kidlash joiz, O‘zbek-Polsha biznes-forumi va sermahsul muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi. Mazkur jarayonda ikki hudud o‘rtasida Do‘stlik bitimi imzolanib, V2V va V2G formatida muzokaralar o‘tkazildi.
Tadbir doirasida mehmonlar viloyatning sanoat salohiyati va biznes imkoniyatlari bilan bevosita joylarga chiqib tanishish imkoniga ham ega bo‘ldi.


A.Musayev, O‘zA.