Buxoroda joriy yilning 5 sentyabridan 20 noyabrigacha bo‘lib o‘tayotgan xalqaro biyennale “Recipes for Broken Hearts” – “Singan qalblar uchun malham” deb nomlangan. U zamonaviy san’at, hunarmandchilik va gastronomiyani uyg‘unlashtirgan ko‘p qirrali yirik madaniy tashabbus sifatida tarixga kirmoqda. O‘ziga xos “madaniy olimpiada”ga aylangan biyennale tadbirlari Buxoroning eski shahar qismidagi 14 ta tarixiy ob’ektda o‘tmoqda. Ular orasida yillar davomida yopiq bo‘lgan Xoja Gavkushon majmuasi, Rashid madrasasi, Ayozjon, Ulug‘bek tamakifurush, Ahmadjon va Fatxullohjon karvonsaroylari ham bor. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tiklangan bu obidalar endi zamonaviy san’at asarlari va installyatsiyalarga quchoq ochayotir.
Tadbirlar ichida jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan shu’ba ishi alohida ahamiyat kasb etadi. Buxoroning ma’rifatparvar arbobi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev yashagan hovlida o‘tgan anjumanda dunyoning turli nuqtalaridan jadidshunoslar, olimlar va jurnalistlar qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, jadidchilik turkiy xalqlarni uyg‘otgan ma’rifat shamchirog‘i edi. Millatni ilm bilan quvvatlantirish, haqni nohaqdan ajrata oladigan, o‘zligini anglaydigan, kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yadigan avlodni tarbiyalash maqsad qilingandi.
Jadidchilik harakatini tadqiq qilishda yuzdan ziyod ilmiy maqolalari bilan tanilgan Temur Xo‘ja o‘g‘lining xizmatlari beqiyos. Uning asarlari Turkiyadan tortib AQSH va Yaponiyada chop etilgan. Shu bois, olimning merosi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun turkiy dunyo uchun muhim ahamiyatga ega. U anjumanning diqqat markazidagi asosiy mehmonlaridan biri bo‘ldi.
[gallery-25294]
Temur Xo‘ja o‘g‘li Buxoroga kelganida ota uyining mehmonxonaga aylanganini ko‘rib, o‘tmish va kelajak haqida o‘yga cho‘mgan, o‘shanda bu uy muzeyga aylanishini orzu qilgan. Oradan fursatlar o‘tib, hukumat uyni tasarrufiga oldi va bu yerda muzey tashkil etishga kirishdi. Olim esa uni otasi nomida emas, balki butun jadidchilik harakati muzeyi sifatida ochishni taklif etdi. Bu g‘oya davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayni paytda livanlik me’mor Lina Gotme loyihasi asosida G‘oziyon ko‘chasida joylashgan Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev uyida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Bu yerda “Jadidlar merosi muzeyi” tashkil etiladi va 2027 yilda uning ochilishi rejalashtirilgan. Anjuman doirasida ushbu loyihaning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
–Turkiston jadidchilik harakatining yirik markazlaridan biri bo‘lganiga tarixning o‘zi guvoh. Biroq mustabid tuzum yillarida xalq ongiga unga nisbatan salbiy qarashlar singdirildi. Yaxshiyamki, istiqlol tufayli milliy o‘zlikka qaytilayapti, tarixiy haqiqatlar tiklanayapti. Eng muhimi, davlat siyosati darajasida jadidchilikka adolatli baho berilmoqda, –deydi Temur Xo‘ja o‘g‘li.
Biyennale o‘n hafta davom etadi. Tadbirlar doirasida betakror pavilonlar, ko‘rgazmalar, taomlar festivali, she’rxonlik, musiqa va performanslar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xullas, madaniyat va san’at uyg‘un ushbu nufuzli forum yurtimizni dunyo madaniy maydoni bilan yanada yaqinroq yuzlashtirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari