Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yiliga bag‘ishlangan marosimlaridan biri O‘zbekistonda o‘tkaziladi
11:39 / 2026-03-05

Germaniya poytaxtidagi “ITB Berlin – 2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov va “BMT Turizm” (Butunjahon turizm tashkiloti) bosh kotibi Shayxa Nasser al Novais o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida barqaror turizmni rivojlantirish, BMT agentliklari bilan samarali hamkorlik qilish, soha mutaxassislari salohiyatini oshirish hamda milliy turizm strategiyalarini amalga oshirishda institutsional sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Bosh kotib davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida joriy yil 2-fevral kuni tuzilma tomonidan maxsus “Yo‘l xaritasi” e’lon qilinganini ta’kidladi.  

Shayxa Nasser al Novais suhbatda yil davomida rejalashtirilgan tadbirlarni tashkil etishda O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.  

– Barqaror va yashovchan turizmni rivojlantirish ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi bosh kotib.

Shuningdek, tomonlar joriy yil yakunida “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ga bag‘ishlangan ochilish marosimlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish yuzasidan tegishli tashkiliy ishlar amalga oshirilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Uchrashuv yakunida Turizm qo‘mitasi raisi Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. Turizm sohasi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish va uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.

B.XUDOYBERDIEV, O‘zA