Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro baholash va ta’lim sifatini tadqiq etish masalalari muhokama etildi
12:43 / 2022-03-11

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamkorligida “Xalqaro baholash va ta’lim sifatini tadqiq etishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Dunyoda yuzdan ortiq davlatlar o‘z mamlakatida joriy etilgan ta’lim sifatini xolisona baholash maqsadida PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS, EGRA hamda EGMA kabi xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etadi. O‘zbekiston Respublikasi ham mazkur xalqaro baholash tadqiqotlarida ilk bora ishtirok etmoqda. Bunda PISA va boshqa xalqaro baholash tadqiqotlari dasturlaridagi ishtirokini bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. 



Xalq ta’limi vazirligi boshchiligida ushbu xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. PISA, TIMSS va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida “STesting” loyihasi doirasida 100 dan ortiq trenajyor videolar yaratildi va “Stesting” platformasi ishga tushirildi. 

“Stesting” elektron platformasi  – xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan elektron tizim va video mahsulotlarni o‘z ichiga olgan platformadir. Platformaga 1500 tadan ortiq testlar joylashtirilgan. 

Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish, testlarni yechish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan mazkur elektron platforma sentyabr-oktyabr oylarida belgilangan maktablarda tajriba sinovidan o‘tkazildi. Eng muhim jihatlaridan biri ushbu test trenajyor platformadan foydalanish mutlaqo bepul. bugungi kunga qadar ushbu platformada 2,6 milliondan ortiq o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan va ularning diagnostik baholash natijalari tahlil qilingan. 

Tashkil etilgan konferensiyada shu kabi erishilgan dastlabki natijalar to‘g‘risida xalqaro tashkilotlar, hukumat vakillariga ma’lum qilinib, hamkorlikdagi faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. 

– bugungi konferensiyani tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizning xalqaro baholash tadqiqotlari dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha sa’y-harakatlarini sarhisob qilish, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va loyiha natijalari bilan keng jamoatchilikni xabardor qilishdir, – deydi A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Farhod Karimov. – Bundan tashqari, xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalqaro baholash dasturlari yordamida ta’lim sifatini tadqiq qilish, maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash va o‘quvchilarni xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorlash darajasini yanada oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar asosida, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 

Xalqaro konferensiyada xalqaro baholash tadqiqot dasturlariga tayyorgarlik darajasi, erishilgan yutuq va kamchiliklarni aniqlash, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bilim darajasi EGMA, EGRA va PIRLS  xalqaro baholash dasturlari doirasidagi tadqiqot natijalari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi. 


Fayzullo Yahyoyev, O‘zA