O‘zbekiston ilk bor PIRLS va PISA kabi bilimni xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etdi. Xo‘sh, xalqaro baholash tadqiqotlaridagi natijalarimiz tahlil qilindimi? Qanday xulosalarga kelindi?
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi O‘quvchilarning bilimlarini baholashning ilg‘or metodlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘limi boshlig‘i Rashidjon Tojiboyev O‘zA muxbirining savollariga javob berdi.
—Xalqaro miqyosda ta’limda o‘quvchilarni hayotga tayyorlash, ularda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va baholash ta’lim trendiga aylanmoqda, — deydi R.Tojiboyev. — Xalqaro baholash dasturlarida ham maktabda olingan nazariy bilimlarni hayotiy kontekstlarda qo‘llash talab etiladi. O‘zbekiston ham ilk bor PIRLS va PISA kabi xalqaro bilimni baholash tadqiqotlarida ishtirok etdi. Biroq, natijalarimiz xursand qiladigan darajada emas.
Markaz mutaxassislari tomonidan mavjud yutuqlarimizni aniqlab, ularni yanada rivojlantirish, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida qayd etilgan natijalar tahlil etildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, umumiy o‘rta ta’limda muvaffaqiyatli jihatlarimizdan ko‘ra, yaxshilanishi lozim bo‘lgan tomonlarimiz salmoqli. Jumladan, davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, o‘quv materiallari sifatini oshirish, maktablar boshqaruvida avtonomiya berish, malakali pedagoglar tayyorlash, maktab va oila kollaboratsiyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarimiz bor.
—Xalqaro baholash tadqiqotlarida yuqori natijaga erishgan davlatlar ta’lim tizimi o‘rganildimi, umumiy jihatlar nimalarda namoyon bo‘ladi?
—Xalqaro baholash tadqiqotlarida yaxshi natijaga erishgan bir qator davlatlarning jumladan, Singapur, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Finlyandiya, Estoniya kabi davlatlar ta’lim tizimi o‘rganildi.
Mazkur davlatlarning ta’lim tizimi uchun umumiy bo‘lgan jihatlar quyidagilarda namoyon bo‘ladi. Misol uchun, davlat tomonidan maktab ta’limida asosiy e’tibor ilmiy asoslangan milliy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va markazlashgan tashqi baholashni tashkil etishga qaratiladi.
Maktab ta’limida o‘quv materiallari, darsliklar, metodik qo‘llanmalar xilma-xilligini ta’minlash maqsadida o‘qitish jarayonida qaysi o‘quv materiallaridan foydalanish maktab ma’muriyati va ota-onalar tanloviga qoldirilgan.
Ularda jahon standarti talablariga javob beradigan pedagoglarni tayyorlashga alohida urg‘u beriladi. Pedagogik yo‘nalishlar o‘quv rejalarida kasbiy faoliyatda bevosita ahamiyatli bo‘lgan fanlar va kurslar o‘rin olgan. Pedagogik oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayoni amaliyot bilan birgalikda olib boriladi. Shuningdek, pedagoglarni ishga qabul qilishning maxsus mexanizmlaridan (o‘qituvchi sertifikati, fan bo‘yicha sertifikat v.b.) foydalaniladi.
Undan tashqari maktab o‘qituvchilarining ijtimoiy himoyasini, oilasi farovonligini ta’minlash hamda sog‘ligini tiklash uchun turli imtiyozlar taqdim etiladi. Umumiy o‘rta ta’lim uchun xalqaro baholash talablariga mos milliy baholash dasturlari ishlab chiqilgan, mustaqil baholash markazlari tomonidan maktab ta’limida muntazam tashqi baholash o‘tkazilib turiladi.
—Mana shu tajribalar asosida yurtimizda milliy baholash tizimini takomillashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirilishi lozim, deb o‘ylaysiz?
—Natijamiz ta’limni rivojlantirish sohasida amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan bir qator ishlar borligini ko‘rsatmoqda. Avvalo, shuni aytishimiz lozimki, baholash jarayoni mazmuni bevosita davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari mazmuni va talablariga bog‘liq. Shuning uchun ilmiy asoslangan davlat ta’lim standartlari hamda milliy o‘quv dasturi talablarini ishlab chiqish lozim. Shuningdek, milliy baholash tizimini takomillashtirish uchun quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
– maktab ta’limida baholash jarayonini huquqiy-normativ jihatdan tartibga solish, “qattiq” va “yumshoq” talablarni belgilash;
– oliy ta’limga kirish va maktabni tamomlayotganda bitiruvchilar topshiradigan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarini unifikatsiya qilish, Yagona davlat imtihonini joriy etish;
– oliy ta’limga kirish sinovlari mazmunini qayta ko‘rib chiqish, xalqaro e’tirof etilgan baholash talablariga moslashtirish;
– maktablardagi ta’lim sifatini tashqi nazorat qiladigan Milliy baholash dasturini ishlab chiqish, 4- va 9- sinflar o‘quvchilari ishtirokida milliy baholash tadqiqotini o‘tkazish.
Bu borada vazirlik tizimida muayyan ishlar boshlangan. Jumladan, joriy yilda 500 ta umumta’lim maktabida yangicha baholash tizimi tajriba-sinov jarayonidan o‘tkazilmoqda. Keyingi yildan 1500 ta maktabda joriy etilishi nazarda tutilgan.
— Markaz tomonidan yana qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan?
—Markaz tomonidan yil oxiriga qadar matematika, ona tili va adabiyot hamda tabiiy fanlardan darsliklarni nashr qilish rejasiga muvofiq namunaviy summativ baholash topshiriqlarini ishlab chiqish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va axborotnoma shaklida e’lon qilish, shuningdek, yangicha baholash tizimini joriy etishni jadallashtirish, o‘qituvchilar va rahbar xodimlarning baholash savodxonligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Baholash nazariyasi va amaliyoti”ga doir 30 qismdan iborat videodarslar yaratish va e’lon qilish rejalashtirilgan.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.