Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov hamda Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Xusanov Buyuk Britaniyaning AQA Global Assessment Services tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ta’lim sohasida baholash tizimlarini takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos adolatli va shaffof baholash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, o‘quv dasturlari hamda imtihon jarayonlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar AQA Global Assessment Services tashkilotining o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, imtihon va test materiallarini yaratish, baholash mezonlarini belgilash hamda onlayn baholash tizimlarini joriy etish borasidagi xalqaro tajribasi bilan tanishdi.
Ayniqsa, baholash jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali inson omilini kamaytirish, natijalarning xolisligi va ishonchliligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ta’lim sohasida raqamli transformatsiya, ma’lumotlarni tahlil qilish, ta’lim sifati monitoringi hamda milliy baholash tizimlarini xalqaro amaliyotlar asosida takomillashtirish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda tajriba almashishni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA