10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni. Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi (International Association of Women Judges, IAWJ) 1991-yilda odil sudlovni samarali amalga oshirish, butun dunyoda gender tenglik va inson huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash uchun turli mamlakatlardagi ayol-sudyalarni birlashtirish maqsadida tuzilgan.
Xalqaro ayol sudyalar kunini alohida bayram sifatida nishonlash Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 2021-yil 28-aprelda qabul qilingan 75/274-sonli rezolyutsiyasi bilan belgilangan. Shundan buyon dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bu sana keng nishonlanadi.
O‘zbekistonda ham bu yil sud tizimi tarixida ilk bor Ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etildi. 2026-yil 27-fevralda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi bilan mamlakatimizda Ayol sudyalar assotsiatsiyasi tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiya o‘zining faoliyatida sud amaliyotini takomillashtirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali adolat mezonlarini hayotga izchil tatbiq etishga intiladi. Shuningdek, kasbiy malaka oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali sudyalar faoliyati samaradorligini yuksaltirishga alohida ahamiyat qaratiladi.
Aytib o‘tish kerakki, hozirgi paytda sud tizimida 246 nafar ayol sudya odil sudlovni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonlik uch nafar ayol sudya Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasining a’zosi hisoblanadi. Yurtimizda Ayol sudyalar assotsiatsiyasi tashkil etilgani bunday a’zolar sonini ko‘paytirishi shubhasiz.
Mazkur sana O‘zbekistonda ham keng nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining “10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Toshkentda tantanali tadbir va “Odil sudlovni amalga oshirishda ayol sudyalar o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning farmoni bilan sud faxriysi Umsun Astanova “Mehnat shuhrati” bilan taqdirlandi.
– Yaratganga shukur, hozir 95 yoshdaman, – deydi U.Astanova. – Bu hayotda juda ko‘p yaxshi-yomon kunlarni ko‘rdim... Davlatimiz rahbarining biz ayol sudyalarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari va e’tibori tufayli Vatanimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lganimdan boshim osmonga yetdi. Muhtaram Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Shunday quvonchli kunlarda bundan 40-50 yil oldingi, o‘zim sudya bo‘lib ishlagan davrlarim ko‘z oldimdan o‘tib turibdi. Bir voqea yodimga tushdi: ishni ko‘rish jarayonida, sud maslahatxonasida ko‘ylagim yirtilib ketdi. Yashirmayman, o‘sha paytda ishga kiyadigan bittagina ko‘ylagim bor edi. Nima qilishimni bilmay, ko‘ylagimning yirtig‘i ko‘rinmasligi uchun oldimga fartuk taqib, sud ishini ko‘rishni davom ettirganman... Xudoga shukur, hozir yurtimiz tinch, osuda. Hayotimiz to‘kin, farovon. Bunday kunlarning qadriga yetishimiz kerak. Bugun sudyalarning hayoti, yashash sharoiti ham mutlaqo boshqacha. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash uchun juda ko‘plab amaliy ishlar qilinayapti. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “sudyalarning orqasida Prezident turibdi, hech qanday mansabdor shaxsning sudyaga buyruq berishi, ta’sir o‘tkazishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz” degan fikrlarini eshitib, quvonib ketaman. O‘zimga-o‘zim qaniydi, mana shu zamonda men ham sudya bo‘lib ishlasam edi, deyman. Shogirdlarimga bunday yuksak e’tibor va ishonchni faqat oqlashimiz kerak, deb da’vat qilaman.
– O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash borasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda, – deydi Konstitutsiyaviy sud sudyasi, «Do‘stlik» ordeni sohibasi Janagul Balkiboyeva. – Bu ayollar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga qaratilgan qonunchilikning takomillashtirilishida ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini kafolatlovchi, shuningdek, oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonunlar qabul qilindi. Shu bilan birga, institutsional mexanizmlar mustahkamlanib, gender kvotalari, jumladan, sud-huquq tizimida ham joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi faolligini oshirishga qaratayotgan alohida e’tibori biz xotin-qizlar uchun katta sharaf, ayni paytda alohida mas’uliyat hamdir. Mamlakatimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston Prezidentining alohida farmoni bilan bir guruh ayol sudyalarning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani nafaqat shaxsiy yutuqlarning e’tirofi, balki o‘zining kasbiy mahorati va fidoyiligi bilan sud-huquq tizimi nufuzini mustahkamlash va yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan barcha xotin-qizlarning mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Yangi tashkil etilgan Assotsiatsiya oldida sudyalarning yuksak axloqiy mezonlarga sodiqligi, kasbiy mustaqilligi va mas’uliyatini ta’minlash singari muhim ustuvor vazifalar turibdi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, bunda, ayniqsa, ayollar, bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar manfaatlarini ta’minlash Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA