Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro anjumanda mamlakatimiz turizm salohiyati namoyish qilindi
21:44 / 2021-03-25

MDHga a’zo mamlakatlar va boshqa hamkor davlatlar o‘rtasida turizm sohasiga doir «SNG+MIR 2021/Vse stixii mira» onlayn kongressi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi iqtisodiy rivojlanish biznes markazi» tomonidan tashkil etilgan anjumanda asosiy sherik sifatida ishtirok etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Mazkur tadbir turizm sohasida xalqaro aloqalarni yanada barqarorlashtirish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, turizm bozorining maqsadli auditoriyasi orasida O‘zbekiston milliy brendi ommaviyligini oshirish hamda turizm salohiyatini keng targ‘ib etishni nazarda tutadi.

Kongress doirasida turli davlatlarning 45 nafardan ortiq ma’ruzachisi so‘zga chiqib, interaktiv muhokama olib bordi. Jumladan, ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berilib, COVID-19 pandemiyasi davrida respublikamizda turizm sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi yangi turistik yo‘nalishlar va mavjud imkoniyatlar, dam olish joylari, gastronomiya, hunarmandlik, shuningdek, respublikada sayyohlar yashashi uchun yaratilgan qulay sharoitlarga doir taqdimot o‘tkazildi.

Yurtimizda xalqaro standartlarga javob beradigan sanitariya-epidemiologiya xavfsizligiga oid “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” – “O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOTLANGAN” yangi tizimi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan chet ellik mehmonlarning epidemiologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar yuzasidan ma’lumot berilib, bu boradagi maxsus targ‘ibot videoroligi namoyish etildi.

MDH iqtisodiy rivojlanish biznes markazi hamda Moliya-bank kengashi Muvofiqlashtiruvchi kengashlari raisi Anatoliy Kazakov tomonidan turizm sohasida O‘zbekiston bilan tez orada inqirozgacha bo‘lgan turistik almashinuv darajasini tiklash taklifi ilgari surildi.

Kongress yakunida kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish, yurtimiz turizm salohiyatini dunyo hamjamiyatiga keng tanitish maqsadida ishlab chiqilayotgan qo‘shma loyihalar bo‘yicha rejalar o‘zaro kelishib olindi.

Olti soat mobaynida uzluksiz davom etgan «SNG+MIR 2021/Vse stixii mira» onlayn kongressida 130 dan ortiq davlat vakili ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida: «SNG+MIR» dasturi o‘z faoliyati doirasida dunyoning barcha qit’alarini birlashtirgan.

O‘zA