Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro anjumanda kitob va kitobxonlikka ham alohida e’tibor qaratiladi
15:58 / 2023-05-24

Buxoroda “Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI xalqaro anjumani hamda “Kitob va mutolaa jamiyat taraqqiyotidagi strategik resursi” II Hamdo‘stlik forumi o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda  Yangi O‘zbekiston jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bosqichiga o‘tib, Uchinchi Renessansni barpo etish yo‘lida dadil ildamlab borayotgani ta’kidlandi.  

Bunda Prezidentimizning har bir soha taraqqiyotida ilmiy rivojlanishni bosh mezon etib belgilagani muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Negaki, taraqqiyot dovonini faqat ilm bilan zabt etish mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Ilmni chuqur egallashning yo‘li esa bitta – kitob o‘qishdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Kitob o‘qigan, o‘zining ustida ishlagan odamda qanot bo‘ladi. U befarq bo‘lmaydi. Uning kuchi bilimida bo‘ladi”.  

Umuman, so‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonidan kitob mutolaasi muhimligi, yoshlar, rahbarlar orasida bu fazilatni targ‘ib qilish haqida ko‘p bora ta’kidlanmoqda. Amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nafaqat kitobxonlikni rag‘batlantirish, balki yurtimizda kitob chop etish sanoatini takomillashtirish, mavjud kutubxonalar moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida ham qator islohotlar amalga oshirilmoqda.  

Xususan, Prezidentimizning 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. Buning natijasida Buxoroda ham ko‘pgina kutubxonalar ta’mirdan chiqarilib, adabiyotlar fondi boyidi.  

– An’anaviy xalqaro konferensiyaning 16-anjumani Buxoroda o‘tkazilishi ham bejiz emas,  – deydi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov. – Negaki, o‘tgan uch ming yillikka yaqin davlatchilik tarixi davomida bu ko‘hna kentda kitob sanoati san’at darajasida rivojlanib, kutubxonachilik amaliyoti rivojlangan. Ushbu zaminda kutubxona ibodatxonadek eng muqaddas dargohga, kitob esa eng qimmatbaho boylikka qiyoslangan. Ijozatlaringiz bilan, fikrimni shu zamin tarixi bilan bog‘liq bir rivoyat bilan asoslasam. Buni ko‘pchiligingiz juda yaxshi eslasangiz ham kerak. 10-asrning oxirida Buxoroda hukmdorlik qilgan Somoniylar amiri Nuh ibn Mansur qattiq dardga chalinib qoladi. Saroy tabiblari qo‘llaridan kelgan barcha davo usullarini qo‘llaydi. Ammo amir shifo topmaydi. Shunda endigina 16 yoshga to‘lgan Ibn Sino, ha, bu siz bilgan, G‘arb Avitsenna deb ataydigan, Buxoro farzandi – Ibn Sino hukmdorning bedavo kasalini tuzata oladi. 

[gallery-12025]

Darddan forig‘ bo‘lgan Nuh ibn Mansur Ibn Sinodan istagan tilagini bajo keltirishni so‘raydi. Ibn Sino nima so‘ragan, deb o‘ylaysiz: Boylikmi, uy-joymi yo Buxoroning biror hududinimi? Uning tilagi juda oddiy bo‘lgan. Ibn Sino bobomiz o‘shanda Buxoro amirligi kutubxonasidagi barcha kitoblarni o‘qib chiqishga ruxsat so‘ragan. Keyinchalik yosh tabibning Shayx ur Rais darajasiga ko‘tarilishi va qomusiy ilmlar sohibi bo‘lishiga ham ana shu noyob kutubxonada o‘qigan kitoblari muhim rol o‘ynagan. Umuman, Muhammad Narshaxiy va boshqa tarixchilarning guvohlik berishicha, Buxoro kutubxonasi dunyodagi eng boy ziyo maskanlaridan biri hisoblangan. O‘rta asrlarda ham aksariyat sharq donishmandlari nafaqat Buxoro madrasalarida o‘qish, balki boy kutubxona fondidan foydalanish uchun ham bu yerga kelgan. Ana shu kutubxona ma’naviy vorisi hisoblangan Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot kutubxona markazi hozirda 300 mingga yaqin adabiyotlar fondi bilan kitobxonlarimizga xizmat qilmoqda. Ushbu adabiyotlarning mingga yaqini esa 8-19-asrga tegishli noyob qo‘lyozmalardir. Ayni paytda viloyat hududida 917 ta kutubxona mavjud bo‘lib, olis qishloq hududlaridagi kitobxonlarimiz ham o‘zlari istagan kitobni qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda o‘qish imkoniga ega. Yana bir yangilik. Joriy yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Abu Ali Ibn Sino nomidagi axborot-kutubxona markazi jahon standartlari asosida kapital ta’mirlanib, yangi jihozlar va texnikalar bilan boyitildi. Barchangizni fursat topib, yangilangan kutubxonamiz faoliyati bilan tanishishga taklif etaman.  

Tadbirga Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Armaniston, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Belorus,  AQSH, Niderlandiya, Litvadan soha mutaxassislari onlayn va oflayn ishtirok etmoqda.    

Konferensiya dasturi doirasida kitobxonlik masalalari, kutubxonachilik oldida turgan istiqboldagi vazifalar hamda sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalarga bag‘ishlangan ilmiy sho‘balar, amaliy seminarlar, mahorat darslari onlayn va oflayn tashkil etiladi.  

Bu yilgi konferensiya o‘tgan yildagilaridan kitob va kitobxonlik masalalariga, sohadagi muammolarga, kutubxonachi kadrlar masalalariga, kutubxonalarda ilmiy-metodik faoliyat holatiga, ilmiy faoliyat yuritishda jahon axborot resurslaridan foydalanishning muhimligiga alohida e’tibor qaratilishi bilan ahamiyatlidir.  

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev va boshqalar so‘zga chiqdi.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA