FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashabbusi bilan “Kam invaziv xirurgiya muammolari va ularning yechimlari” mavzuida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Unda 200 dan ziyod mahalliy va xorijiy mutaxassis ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 oktyabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishning ko‘plab asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jarayonda dunyo tajribasida tobora ommalashib borayotgan kam invaziv usullarni jarrohlikning barcha yo‘nalishlarida joriy etish va buning uchun ilmiy markazlarni zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlash nazarda tutilgan. Buxoroda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanda jarrohlikda kam invaziv usuldan keng foydalanishning afzalliklari barobarida, uni amaliyotga tatbiq etishda duch kelinayotgan muammolar xususida fikr almashildi. Bu yo‘nalishda erishilayotgan yutuqlar alohida e’tirof etildi.
[gallery-19646]
Tadbirda ta’kidlanganidek, Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida kam invaziv usulda jarrohlik amaliyotlari bugun keng qo‘llanilib kelinmoqda. Xususan, xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda tashkil etilayotgan amaliyotlar samarali kechayotir.
Anjumanning ikkinchi ish kunida mehmonlar markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari o‘tildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA