Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro anjumanda ilg‘or tajribalar o‘rganildi
00:03 / 2024-05-02

Andijonda “Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublika Sog‘liqni saqlash, Ta’lim, fan va innovatsiya vazirliklari, Andijon viloyati hokimligi, Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tibbiyot tizimida faoliyat olib borayotgan ilmiy markazlar mutaxassislari, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan olimlar,  yosh olimlar, talaba- yoshlar ishtirok etdi. 

Andijon shahridagi  Yoshlar markazida anjuman ochilishiga bag‘ishlangan tadbir va plenar yig‘ilishida so‘z olganlar tomonidan keyingi yillarda O‘zbekiston tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini yaxshilash, soha xodimlarining kasbiy bilim, malaka, mahorat va tajribalarini oshirish, ayniqsa, profilaktik tibbiyotni rivojlantirish, amaliyotga yuqori innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.  

--Anjuman soha mutaxassislarining bilim va malakalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratib berdi, -- deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madaminjon Madazimov. – Ayniqsa, tibbiyotimiz ilmiy-amaliy salohiyatini, olimlarimizning xorijlik mutaxassislar bilan hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilganligi yanada ahamiyatlidir. 

Anjumanda profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi. 

Mutaxassislarning qayd etishicha, profilaktik chora-tadbirlarning samarali amalga oshirilishi aholining jismoniy faolligini 10 foizga oshiradi. Shu bilan birga, yuqori qon bosimi, semirish va qandli diabet bilan kasallanganlar sonining o‘sishini cheklash, yurak-qon tomir kasalliklari, xavfli o‘smalar, qandli diabet va boshqa xastaliklar tufayli yuzaga kelayotgan erta o‘lim holatlarini keskin kamaytiradi. 

“Jamoat salomatligi – 2030” strategiyasiga ko‘ra, mamlakatimizda kasalliklarni erta aniqlash darajasi 70 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun har yili 40 yosh va undan katta yoshdagi aholi orasida nisbatan ko‘p uchraydigan yurak-qon tomir, qandli diabet va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklari xavfini aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, ayollar, bolalar, umuman, aholining barcha qatlamlari vakillari uchun profilaktik tibbiy ko‘riklar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. 

Shuningdek, anjumanda Rossiya Federatsiyasi A.V.Vishnevskiy nomidagi milliy tibbiyot tadqiqot jarrohlik markazi direktori Amiran Revishvili, Ab-u Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universiteti rektori  Gulzoda Qurbonali, Rossiya Fundamental tibbiyot va biologiya instituti direktori Andrey Kiyasov mavzu doirasidagi ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Umuman, xalqaro anjumanda mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda Rossiya, Shveysariya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gretsiya, Eron, Belarus Respublikasi, Turkiya davlatlaridan tashrif buyurgan  olim va mutaxassislar ham ishtirok etdi. 

Olimlar, mutaxassislar, ishtirokchilar tomonidan profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash borasida olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar, ularning yechimlari, bu boradagi xalqaro tajribalar, xastaliklarni erta aniqlash va davolash samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

-- Keyingi yillarda O‘zbekistonda profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda,-- deydi Rossiya Federatsiyasi Sank-Peterburg shahridagi V.A. Almazov nomidagi Milliy tibbiyot tadqiqot markazi endokrinologiya kafedrasi mudiri Tatyana Karonova. – Xususan, yuqumli va endokrinologik kasalliklarni erta aniqlash va davolashda salmoqli natijalarni kuzatish mumkin. 

[gallery-17224]

Kunning ikkinchi yarmida ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari  Andijon davlat tibbiyot institutining o‘quv binolarida “Profilaktik tibbiyot”, “Ichki kasalliklar”, “Onalik va bolalik”, “Jarrohlik kasalliklari” singari yettita seksiya doirasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.

-- Anjuman doirasidagi mashg‘ulotlarda profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdik,--deydi Turkiyaning Xasettepe universiteti klinikasi bosh shifokori Nejla Ozer. – Xususan, bu borada yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha hamkasblarimiz tomonidan qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar menga manzur bo‘ldi.

Mashg‘ulotlarda ishtirokchilar tomonidan profilaktik tibbiyot, har bir yo‘nalishda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Mavzular doirasida muhokamalar, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, professorlar, malakali mutaxassislar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.

Har jihatdan samarali va foydali o‘tgan mazkur anjuman profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga, mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashish, bilim va malakalarini yuksaltirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari