Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro anjuman kun tartibida – barqaror rivojlanish maqsadi
19:59 / 2025-11-18

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) ilk bor “Think Road forum-2025” anjumaniga mezbonlik qilmoqda. “Shakllanayotgan mintaqaviylik davrida Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni qayta ko‘rib chiqish” mavzusidagi ushbu ikki kunlik muloqot maydoni dunyoning turli davlatlaridan kelgan siyosatchi, diplomat, olim va ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, davlat sektori va fuqarolik jamiyati vakillarini jamladi.

Forumning asosiy maqsadi keskin geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida mintaqaning barqaror, inklyuziv va uzoq muddatli rivojlanish yo‘lini belgilashga xizmat qiluvchi ilmiy asoslangan fikr-mulohazalarni shakllantirishdir.

Institut direktori Akram Umarov moderatorligida ochilgan tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Javlon Vahobov hamda Pittsburg universiteti professori Jenifer Brik Murtazashvili so‘zga chiqib, mintaqamiz oldidagi strategik tanlov, o‘zgarayotgan geosiyosat, integratsiya jarayoni va global transformatsiyaning ta’siri xususida fikr bildirdilar.

[gallery-26310]

Birinchi kun geosiyosiy xavfsizlik, iqtisodiy o‘sish, savdo va transport zanjiri, qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va suv resurslarini boshqarish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar adolatli energiya transformatsiyasi, samarali suv diplomatiyasi, reglamentni modernizatsiya qilish va mintaqaviy institutlar salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflarni ilgari surdilar.

“Think road forum-2025” doirasida geosiyosat, iqtisodiyot, energetika, iqlim, raqamli texnologiya va ijtimoiy siyosat kesishgan nuqtalarda yangi g‘oyalar, hamkorlik loyihalari va siyosiy tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Mazkur anjuman tashkilotchilarning ilmiy tadqiqotni amaliy siyosat bilan bog‘lash, mintaqaviy muhokamadan kelib chiqadigan ustuvor yo‘nalishlarni o‘rganish va tahliliy faoliyatga tatbiq etish borasidagi asosiy vazifasini yana bir bor tasdiqlaydi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BZVlSoPNAnQ" title="Xalqaro anjuman kun tartibida – barqaror rivojlanish maqsadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Musulmon Ziyo,

Doniyor Yoqubov (video),

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA