Joriy yilning 25-26 noyabr kunlari Toshkent davlat texnika universitetida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 martdagi tegishli farmoyishiga muvofiq, “Elektr ta’minoti tizimining dolzarb muammolari” (“Elektr ta’minoti” kafedrasi tashkil topganining 50 yilligiga bag‘ishlanadi) mavzusida Xalqaro ilmiy-texnik anjumani o‘tkazilmoqda.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – elektr ta’minoti tizimining dolzarb muammolari, xususan uning ishonchliligi va energiyasamaradorligini oshirish, optimal loyihalash, elektr energiya sifatini ta’minlash yo‘nalishida mahalliy va xalqaro ilmiy maktablar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha g‘oya va fikrlar almashish, shuningdek, elektr ta’minoti tizimini transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish kabi innovatsion ishlanmalarni joriy etishning imkoniyatlarini tahlil qilishdan iboratdir.
Anjumanni ToshDTU rektori S.Turabdjanov kirish so‘zi bilan ochdi. U so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va “Elektr ta’minoti” kafedrasining faoliyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Anjumanda “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ raisi D.Isakulov ham ishtirok etib, oliy ta’lim va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarining rivoji sifatli kadrlar tayyorlashda asosiy jihat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Anjuman yalpi majlisida Germaniya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Belorusiya va bir qator MDH mamlakatlaridan nufuzli oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan 20 nafardan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

O‘tkazilayotgan anjuman Toshkent davlat texnika universitetining “Elektr ta’minoti” kafedrasi tashkil topganining 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazilmoqda. Kafedra respublikada shu yo‘nalishdagi tayanch kafedra hisoblanib, tashkil etilganidan bugungi kunga qadar o‘n mingdan ortiq yoshlar tamomlagan. Turdosh oliy ta’lim muassasalarida elektr ta’minoti yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv jarayonining samarali tashkil etilishida, ularni zarur me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlanishida kafedraning hissasi yuqoridir.
So‘nggi uch yilda kafedrada 5 ta doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining muvaffaqiyatli himoya qilinib, ilmiy salohiyat 35 foizdan 56 foizga oshgan. Raqamlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda kafedra professor-o‘qituvchilarining nashr faolligi sezilarli ravishda oshdi. Jumladan, ular tomonidan so‘nggi uch yilda 8 ta monografiya, xorijning nufuzli jurnallarida 38 ta maqola, Skopus ma’lumotlar bazasiga kirgan jurnal va to‘plamlarda 79 ta maqola, mahalliy jurnallarda 56 ta maqola, mahalliy va xalqaro anjumunlarda 136 ta tezis va maqolalar, 6 ta ixtiroga patentlar, 42 ta EHM uchun dasturga guvohnomalar, 6 ta darsliklar, 10 ta o‘quv qo‘llanmalar va 24 ta usulbiy ko‘rsatmalar tayyorlanib, chop etilgan.
O‘quv va ilmiy faoliyatdagi faollik natijasini kafedraning 2020 yil natijalari bo‘yicha turli yo‘nalishlardagi muvaffaqiyatlarida hamda universitet kafedralari reytingida faxrli 1-o‘rinni egallaganligida ko‘rish mumkin.
Anjumanda elektr ta’minoti tizimining ishonchliligi va energiya samaradorligini oshirish, uni optimal loyihalashtirish va ekspluatasiya qilish, elektr energiyasi sifatini ta’minlash, elektr ta’minoti tizimida innovatsion ishlanmalar: transformasiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish hamda iste’molchilar elektr ta’minoti tizimida noan’anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash kabi yo‘nalishlarda mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari oliy ta’lim va ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari ishtirokida keng muhokama qilinib, mazkur ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Anjuman o‘z ishini sho‘’ba yig‘ilishlarda davom ettirmoqda.
O‘zA