Badiiy akademiya, qator vazirlik va idoralar hamkorligida respublikamiz bo‘ylab 2024-yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlangan Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivaliga start berildi.
Mazkur yirik loyiha Kamoliddin Behzod haykali poyiga gullar qo‘yishdan boshlandi. Markaziy ko‘rgazmalar zalida haftalikning tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Xalqaro an’anaviy Tasviriy va amaliy san’at festivali milliy san’atimizga oid boy merosni targ‘ib etish, o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi. Shu bilan birga, mazkur loyiha yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, zamonaviy tasviriy va amaliy san’atda kechayotgan dolzarb jarayonlarni o‘rganish orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, jahon miqyosida ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ko‘rgazma zallarida taniqli xorijiy va mahalliy ijodkorlar, ustalarning saralangan asarlari asosidagi ko‘rgazmalar, mahorat darslari, badiiy dastur namoyishlari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, oliy va o‘rta, ixtisoslashgan va umumiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy loyihalari (ko‘rgazmalar, mahorat darslari, liboslar ko‘rigi) namoyishi tashkil etiladi.
Festivalning ilk tadbiri Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘tkazildi. Professional ta’lim fakulteti “Tasviriy san’at” kafedrasi tomonidan “Kecha, bugun va erta” deb nomlangan ko‘rgazma tantanali ochildi. Ko‘rgazmada sobiq Badiiy-grafika fakulteti va Tasviriy san’at kafedrasida faoliyat olib borgan va hozirda olib borayotgan rassom-pedagoglar va iqtidorli talabalarning ijodiy ishlari namoyish etilmoqda.
[gallery-16928]
Mazkur ko‘rgazmaning asosiy g‘oyasi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining badiiy ta’lim va tasviriy san’at sohasidagi salkam bir asrlik yutuqlarini namoyish etishdir.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Malik Nabiyev, taniqli rassomlar Mannon Saidov, Ro‘zi Choriyev, Shuhrat Abdurashidov, Yusuf Yelizarov, Kozim Eminov, Tachat Oganesov, Nikolay Ten, Nikolay Bannikov, Nina Kovinina, G‘afur Abdurahmonov, Yanis Salpinkidi va dotsent Nodira Oripova, O‘zbekiston xalq rassomi, professor Rustam Xudoyberganov, O‘zbekiston xalq ustasi Mahmudjon Mamajonov va boshqa ko‘plab rassom-pedagoglarning ijod namunalari bilan tanishish mumkin.
Shuningdek, bir qator talabalarning tarixiy, manzara, portret, natyurmort, maishiy janrlarning realizm, kubizm, abstraksionizm yo‘nalishlarida yaratgan ijodiy ishlari namoyish etilmoqda.
Festivalning ilk kuni ish tartibidan Janubiy Koreyadan 50 nafarga yaqin rassom ko‘rgazmasi, Kemyung universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan tarixiy liboslar namoyishi o‘rin olgan. Shu bilan birga, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Jan Mark Yankovich va Kristof Blenning ijodiy ishlaridan iborat komikslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Qolaversa, san’at bayramining dastlabki kunida Janubiy koreyalik rassom Pyo Xyong Minning shaxsiy ko‘rgazmasi, P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi talabalari tomonidan tayyorlangan liboslar namoyishi, Yunusali Murodovning akvarel bo‘yicha mahorat darsi, Kemyung universiteti talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan ijodiy tanlov g‘oliblarini taqdirlash, teatr rassomi Yediye Yagli ijodiga oid “Uzviy reaksiya” shaxsiy ko‘rgazmasi va boshqa qiziqarli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA