Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqaro aeroportda 15 millioninchi yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi
11:09 / 2025-12-23

Qarshi xalqaro aeroportida mamlakat aeroportlari orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 15 millionga yetdi. Mazkur ko‘rsatkichga “Ural Airlines” aviakompaniyasining Moskva – Qarshi yo‘nalishida amalga oshirilgan U6-2457 reysi orqali erishildi.

Yubiley yo‘lovchi sifatida Sarvinoz Bo‘riyeva e’tirof etildi. U turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan Qarshi shahriga yetib kelgan. “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati vakillari tomonidan yo‘lovchi uchib kelish terminalida kutib olindi hamda unga “O‘zbekiston aeroportlarining faxriy yo‘lovchisi” sertifikati, esdalik sovg‘alari va Qarshidan Moskvaga bepul aviachipta uchun vaucher topshirildi.

Qarshi xalqaro aeroporti direktori O‘ktam Qurbonnazarovning ta’kidlashicha, yo‘lovchilar oqimining izchil o‘sib borishi aeroport infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda xalqaro standartlarga mos sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar samarasidir.

– Yo‘lovchilar sonining 15 millionga yetishi mamlakat havo transporti tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ko‘rsatadi. Qarshi xalqaro aeroportida bunday ahamiyatli ko‘rsatkich qayd etilgani biz uchun mas’uliyat va ishonchni yanada oshiradi, – dedi u.

Yubiley yo‘lovchi ham ushbu voqea haqida fikr bildirib, kutilmagan e’tibor va e’zoz uchun minnatdorlik bildirdi.

15 millioninchi yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida muhim bosqich hisoblanadi. Bu holat yo‘nalishlar geografiyasini kengaytirish, aeroportlarni modernizatsiya qilish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlarning mantiqiy natijasidir.

 

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri