Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq xohish-irodasi, mustahkam tanlovi hamma narsadan ustun
19:29 / 2023-05-10

Joriy yil 30 aprel kuni xalqimiz hayoti va mamlakatimiz taraqqiyotida katta siyosiy, tarixiy voqea – birinchi umumxalq referendumi o‘tkazildi. Referendumda ko‘p millatli xalqimiz, intellektual salohiyatli yoshlarimiz faol ishtirok edi. Shu qatorda chet ellik siyosiy ekspertlar ham xolis qatnashdi, ular joylarda referendumga ovoz berish haqqoniy, tartibli o‘tkazilganini e’tirof etishdi.

Xalq xohish-irodasiga ko‘ra tasdiqlangan yangi Konstitutsiyamiz bugungi tez taraqqiy etib borayotgan, iqtisodiy, texnologik, ta’lim va fan, sanoat sohalarida jadal integratsiyalashib borayotgan mamlakatimiz uchun uzoq istiqbolni ko‘zlagan holda takomillashtirishni taqozo qildi.

Shu munosabat bilan joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi yakunlariga ko‘ra, ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 millionga yaqin fuqarodan 16 million 673 ming 189 nafari yoki 84,51 foizi ovoz berdi. Shulardan 15 million 40 ming 55 nafar ovoz beruvchi fuqaroning, ya’ni umumiy hisobda 90,21 foizi “Ha” deb ovoz bergani ma’lum qilindi, anglashiladiki, 9,35 foizi ovoz berishga qarshilik bildirgan.

Natijada “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq haqiqiy va  bo‘lib o‘tgan deb tasdiqlandi.

Shu munosabat bilan joriy yil 8 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Xalqimiz amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar ishtirokchisi, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi sifatida referendumda o‘z kelajagi uchun yana bir katta qadam qo‘ydi, deya ayta olamiz.

Mazkur anjumanda “Inson – jamiyat – davlat”, degan insonparvar tamoyil ilgari surilib, xalqimizning sinovli kunlarda o‘z Konstitutsiyasiga befarq bo‘lmay, yuksak ishonch bilan qo‘llab-quvvatlagani, o‘z taqdirini o‘z qo‘li bilan asrab-avaylagani kelgusidagi Yangi O‘zbekistonning ulkan ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-institutsional va ichki-tashqi siyosatda industrial rivoj topishida muhim ahamiyat kasb etishi, islohotlarimiz tayanchi bo‘lishi yuksak baholandi.

Xususan, davlatimiz rahbari aholida shakllangan bunday huquqiy faollik uchun o‘zining yuksak fuqarolik burchini chin dildan ado etib, Asosiy qonunimizni qabul qilishda amaliy taklif va tashabbuslari, g‘oya va fikrlari bilan faol ishtirok etgan ko‘p millatli, mard va olijanob xalqimizga ta’zim qilishini bildirdi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan olti yil xalqimiz va mamlakatimiz uchun sinovli yillar bo‘ldi, xalqaro formatlardagi jadal integratsiyalashuv va industrial sanoatni keng ko‘lamda diversifikatsiya qilish uchun yaratilgan investitsiyaviy muhit nafaqat mamlakat iqtisodiy ko‘rsatkichini yuqori pog‘onalarga ko‘tardi, balki “Inson qadri uchun” tamoyillari asosida demokratik islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘ldi.

Xususan, 2019 yilda O‘zbekistonga kiritilgan investitsiya hajmi 6 512,5 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga qadar ushbu miqdor 6 630,0 million AQSH dollari, 2021 yilda 7 819,0 million AQSH dollari, 2022 yilda 9 297,0 million AQSH dollarini tashkil etgan.  

Bu raqamlar ortida ko‘p sonli xalqimizning farovon hayoti va kelajak taqdiri yotibdi, amalga oshirilayotgan ulkan loyihalar ko‘plab qo‘shimcha qiymat yaratib, aholining ish bilan bandligini ta’minlashga asos bo‘lmoqda. Har bir investitsiya, har bir loyiha xalqimiz uchun, uning farovon hayoti uchun amalga oshirilmoqda.

Anjumanda Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida "O‘zbekiston – suveren demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat", deb qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu beshta ustun hech qachon o‘zgartirilmasligi e’tirof etildi.

Qariyb 40 millionga yetib qolgan aholimizning bugungi va ertangi farovon hayoti avvalo huquqiy islohotlarimiz ko‘lami, suverenitetimiz barqarorligi bilan bog‘liq bo‘lib, bu yutuqlar milliy xavfsizligimiz daxlsizligini, Qurolli Kuchlar qudratini oshirishda hamda hayotimizga jadal tatbiq etilgan “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalarida o‘z aksini topdi.

Amalga oshirilgan ulkan islohotlar bilan kifoyalanib qolmay, davlatimiz rahbari anjumanda taraqqiyotimizda global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, energetika muammolarini innovatsion texnologiyalar asosida hal qilish, logistika bilan bog‘liq xavf-xatarlarni bartaraf etish zarurligini ta’kidladi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining qon tomiri bo‘lgan suv taqchilligining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha yangi tashabbus va dasturlarni hayotga samarali tatbiq etishda hamkorlar bilan yaqindan ishlashni belgilab berdi.

Anjumanda ijtimoiy davlat tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini uch barobar oshirish, xalqimizning 50 foizini tashkil qiladigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida to‘xtalib tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Jumladan, “Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash juda katta mehnat talab qiladi. Bunga davlat byudjetidan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Haqiqatan ham mablag‘ bilan bog‘liq bu raqamlar oddiy ko‘rsatkichlar emas, bu juda katta iqtisodiy sarmoya, yangi bosqichdagi islohotlarga yo‘naltirilayotgan mazkur sarmoyalar maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash kabi muhim bo‘g‘inlarga ajratiladi.

Buning natijasida maktablar xalqaro TIMSS, PISA va PIRLS dasturlari asosida takomillashishi ko‘zda tutiladi. Zero, davlatimiz rahbarining farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, unda mamlakatimiz 2030 yilga kelib, PISA xalqaro baholash dasturining reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish ustuvor vazifa etib belgilangan. Pirovardida maktablar bilan oliy ta’lim muassasalari integratsiyalashib, oliy ta’limga qamrab olish 50 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, inson qadrini oshirishda mazkur sarmoyalar evaziga nuroniylar, yolg‘iz keksalar, tug‘ma nuqsoni bo‘lgan va alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar qulaylashtiriladi.

Anjumanda yana bir masalaga alohida urg‘u berildi-ki, bu ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib borilishi bo‘ldi.

Mazkur chora-tadbir nafaqat aholini rozi qiladi, balki joylarda korrupsiyani kamaytiradi, uning oldini oladi. Chunki ish haqlar qancha oshsa, ish haqi oladiganlar o‘z ustida shuncha ishlaydi, turli yo‘llar bilan pul topishni o‘ylab, o‘zi va oilasi taqdirini xatarga qo‘ymaydi.

Masalan, O‘zbekistonda 2022 yilda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 21,1 foizga oshib, 3 million 892 ming so‘mни tashkil etdi, o‘sish sur’ati 2021 yilga (+20,3 foiz) va 2020 yilga (15 foiz) nisbatan yuqori, pandemiya oqibatlari hisobiga 2019 yilga nisbatan past (+27,5 foiz) bo‘ldi.

Joriy yil uchun tasdiqlangan Davlat byudjeti parametrlarida pensiyalarni 1 iyundan 12 foizga, ish haqini esa 1 oktyabrdan 10 foizga oshirish uchun 6,7 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Jahon bozorida oltin va misning prognozga nisbatan qimmatlashgani (4,5 trillion so‘m qo‘shimcha daromad kutilmoqda) va bojxona tushumlarining o‘sishi (qo‘shimcha 3 trillion so‘m) munosabati bilan ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini bir emas, balki ikki marta oshirishga qaror qilingan.

Davlatimiz rahbari odamlarni rozi qilish, xalqni rozi qilish natijalari xususida so‘zlarkan, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va ko‘chalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘ryaptilar”, deya misol keltirdi.

Jumladan, “Ochiq byudjet” tizimi joriy etilgani, kambag‘allikni qisqartirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirishga sezilarli erishilgani qayd etildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil qilingani ijtimoiy islohotlarimizning bosh mezoni bo‘lgani, Yangilangan Konstitutsiya esa aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish va iqtisodiy barqaror rivojlanishimizga asos ekani bildirildi.

Uchrashuvda yana bir muhim masala – yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan 160 milliard dollarga yetkazilishi xususida fikr yuritildi. Buning natijasida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 4 ming dollarga yetkazilishi prognoz qilindi.

Iqtisodiyotimiz yadrosi bo‘lgan tadbirkorlikni rivojlantirish borasida so‘z yuritilarkan, mazkur sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish bo‘yicha istiqbolli takliflar berildi.

Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbari Konstitutsiyamizda ilk bor O‘zbekistonga huquqiy davlat, degan ta’rif berilgani va inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirilganiga urg‘u berdi.

Xalq irodasi va tanlovi bilan hayotimizga tatbiq etilgan yangilangan qonunchilik, uning zamonaviy ahamiyati ustuvor ahamiyat kasb etib, oilaviy tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirishda “mahallabay” ishlashni institutsional darajaga ko‘tarilgani, yangi islohotlarimizning ham tajriba maydoni, tayanch nuqtasi bo‘lishi ta’kidlandi.

Boisi, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish reja qilindi, yangilangan Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar bir qator siyosiy islohotlarning tatbiq qilinishga asos bo‘lib, unda yuqoridan quyi tizimga kirib borish, joylardagi yechimini kutayotgan muammolarni deputatlar ishtirokida xonadonbay aniqlash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yuksak burilish hujjatida ko‘zda tutilgan ulkan maqsadlarimizni jadal amalga oshirish, xalqni rozi qilish tamoyillari ilgari surildi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori.

O‘zA