Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq vakillari mudom uyg‘oq va faol bo‘lmog‘i lozim
16:18 / 2025-10-06

Xalq ishonch bildirib saylagan vakil — deputatlar har doim o‘z saylovchilari oldida hisobdor bo‘ladi. Bildirilgan ishonchni oqlashi, o‘z saylovchilarini o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topishi, zimmasidagi mas’uliyatni his etgan holda mudom uyg‘oq va faol bo‘lmog‘i lozim.

Ana shundagina xalq vakili degan yuksak sharafga munosib bo‘la oladi, ortida ko‘z tikib turgan minglab, millionlab saylovchining dardiga malham bo‘lib, ularga umid bera oladi.  

Bugungi kunda parlament va mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan deputatlarga ko‘plab vakolatlar, imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Buning natijasida xalq vakillari joylardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Qolaversa, qonunchiligimizdagi yangiliklar, sohalardagi islohotlar, aholi va tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida keng targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borib, fuqarolarning siyosiy-huquqiy xabardorligini oshirishga ko‘maklashmoqda.  

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham har oyning yakunida o‘z saylov okruglarida faoliyat olib borib, turli soha ob’ektlarini o‘rganishmoqda, aholi vakillari bilan muloqotda bo‘lib, masalalarga yechim topish choralarini ko‘rishmoqda.  

Yaqindagi o‘rganishlar mobaynida Ekopartiya fraksiyasi a’zosi Noiba Inoyatova Shahrisabz tuman Miraki mahallasida joylashgan suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdi. Mutasaddilar tomonidan ma’lum qilinganidek, 1979-1985 yillarda “Miraki" shaharchasidagi “Hisorak” suv omborida 9,1 kM kanalizatsiya tarmoqlari va suv tozalash inshooti qurilgan. Yillar davomida inshoot quvurlari eskirib, ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan edi.

Prezidentimizning tegishli qarori bilan Miraki mahallasida “Oqova suv tarmog‘ini rekonstruksiya qilish va 1000 m3/sutkali oqova suv inshootini qurish” rejalashtirilib, pudratchi quruvchi tashkilot “Hisorak gidroqurilish” MCHJ tomonidan qiymati 21 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari olib borilgan. Natijada Miraki mahallasi hududida 6 km oqova suv tarmoqlari tortilib, zamonaviy SKADA tizimi orqali ishlaydigan 1000m3/sutkali oqova suv tozalash inshooti foydalanishga topshirilgan.

Deputat inshoot faoliyatini o‘rganish davomida ekologik talablarga rioya qilish borasida o‘z tavsiyalarini berdi.  

Hududlardagi muammolarni hal etishda mahalliy Kengashlardagi deputatlar yanada faolroq bo‘lishi kerak. Chunki ular shu hududda istiqomat qilish asnosida qanday masala aholini qiynayotganini, ularni qay yo‘sinda hal etish mumkinligini yaxshi bilishadi.  

Xalq deputatlari Qo‘shtepa tuman Kengashiga XDPdan saylangan deputat Sh.Sharapov tumanning bir qator mahallalaridagi o‘rganishlari davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida samarali faoliyat yuritmoqda. Masalan, deputat tashabbusi bilan Shahartepa mahallasidagi Sayxun ko‘chasining 455 metr qismi asfalt qilindi.

Mazkur tuman Kengashidagi yana bir deputat M.Usmonov ham Loyson mahallasining Mulkobod ko‘chasida 450 metr yo‘l asfaltlanishida tashabbuskor bo‘ldi. Eng muhimi, bu xayrli ishlardan aholi mamnun.

Yo‘lning ta’mirtalab va harakatlanish uchun noqulayligi nafaqat transport vositalari, balki piyodalarga ham muammo tug‘diradi. Shunday ekan, deputatlarning tashabbuskorligi va aniq natijalarga erishayotgani aholiga qulaylik yaratish barobarida saylovchilar ishonchini oqlash va yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA