Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglarida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi turmush tarzi bilan tanishmoqda.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputati Jamshid Qosimov ham Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi ta’lim hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga bordi. Soha vakillari hamda aholi bilan muloqotda bo‘lib, ularning fikr-mulohazalarini tingladi. Taklif va murojaatlari bilan o‘rtoqlashdi. Qator muammoli masalalarni o‘rgandi.
Tuman hokimi Botir Tog‘ayev hamda tuman tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda "Obod mahalla" dasturi doirasida obodonlashtirilayotgan "Paxtaobod" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etdi. Bu yerda mahalla faollari, yoshlar hamda oqsoqollar bilan samimiy muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalari, orzu-istaklarini tingladi.
Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan ulkan e’tibori zamirida katta hikmat, ulkan maqsad borligi ta’kidlanib, ushbu yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligi aytildi. Kasb-hunar o‘rganish istagidagi yigit-qizlarga kerakli tavsiyalar berildi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda dehqonchilik qilish niyatidagi yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Muborakxon To‘ychiyeva Andijon viloyatining Ulug‘nor tumani Istiqlol qishlog‘i Paxtaobod massividagi yangi uylardan birida istiqomat qiladi. Tabiiyki, mazkur zamonaviy uy-joylarga ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan, ammo suvning o‘zi yo‘q. Nega deysizmi? Chunki hududga haligacha suv minorasi o‘rnatilmagan.
Vaholanki, mazkur xonadonlar allaqachon oilalar bilan to‘lgan. Fuqaro Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining tumanga tashrifi va o‘rganishlaridan xabar topdi-yu, uning qabuliga oshiqdi. Saylovchi madad izlab kelib adashmagandi. Uning murojaati shu kunning o‘zida deputat Tohirjon Ahmadaliyev tomonidan “Suvoqova” DUK tuman bo‘limi bilan hamkorlikda ijobiy hal etildi.
Nargiza Qodirova hamshiralikning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgangan. Lekin ushbu yo‘nalishda bir necha joyga murojaat qilib, ish topolmayotgandi. Xalq vakili T.Ahmadaliyevga qilgan murojaati yechim topganidan mamnun. U tuman tibbiyot birlashmasining qon-tahlil bo‘limiga ishga joylashtirildi.
Deputatning tuman tibbiyot birlashmasidagi o‘rganishlari davomida sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga oid qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, tumanning yer maydoni kattaligi aholining tarqoq joylashganligiga sabab bo‘lgan. Patronaj xizmatiga bu tarqoqlik bir qadar qiyinchilik tug‘dirayotgan edi. Yo‘llar, masofalar olisligi vaqtni oladi. Patronaj hamshiralarga velosiped ajratilishi mazkur muammoni hal qilishga asos bo‘ladi.
Shuningdek, tumanning eng chekka joylarida birinchi yordam ko‘rsatish shaxobchalarini ochish zarurati bor, markaziy poliklinikaga xizmat mashinasi kerak. Tumanda tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmaydi. Shu bois, bor kadrlarni ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha onlayn o‘qitishni yo‘lga qo‘yish lozim.