Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda, ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyatini o‘rganib, muammolarini hal etish choralarini ko‘rishmoqda.
Deputat Zulayho Akromova Jizzax viloyati Forish tumanida bo‘lib, aholining turmush sharoiti, kayfiyati, ularni o‘ylantirayotgan masalalar, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining holatini o‘rganmoqda. Xususan, deputat tumandagi "Xonbandi", "O‘zbekiston", “Oybek” nomli mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak berildi. Deputat “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida "Xonbandi" mahallasida amalga oshirilgan ishlar holatini ham o‘rgandi.

Shuningdek, deputat 59-maktab, tuman tibbiyot birlashmasi, Forish tuman Xalq qabulxonasi, Adliya bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Xalq vakili hududdagi uchrashuvlari davomida joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar, qabul qilingan hujjatlar, Prezidentimizning SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining majlisida so‘zlagan nutqi hamda ilgari surgan tashabbuslarining mazmun-mohiyatini saylovchilarga tushuntirdi.
Deputatning saylov okrugidagi o‘rganishlari, aholi bilan muloqot va uchrashuvlari davom etmoqda.
M.Komilova,
O‘zA