Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq vakili odamlarni muammosini eshitish emas, uni hal qilishi kerak
15:42 / 2023-02-27

Deputatlar ham bugun odamlar orasiga kirib, ular bilan muloqot qilmoqda. Hayotiy ehtiyoj va muammolarini o‘rganmoqda, ularni hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov 111-Farg‘ona saylov okrugida bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashdi, mavjud muammolar bilan tanishib, ularning hal etilishiga ko‘maklashdi.  

Shahardagi Mash’al mahallasi al-Farg‘oniy ko‘chasi, 11-uyda yashovchilar deputatga murojaat qilgan edi. Mazkur ko‘p qavatli uyning yerto‘lasi suvga to‘lgan, tomidan chakka o‘tadi, uyning tom qismiga o‘rnatilgan antennalar shartnomasiz, pod’ezdlar ta’mirtalab, uyning atrof-hovlisi obodonlashtirilmagan, hududda chiqindi qutilari yo‘q.  

Xalq vakili tomonidan Farg‘ona shahar hokimligining uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi, “Suvoqava” tashkiloti shahar bo‘limi, shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda tegishli mas’ullar jalb etilib, muammolar bartaraf qilindi. Shuningdek, Qomus ko‘chasi, 14-uy yerto‘lasidan qo‘lansa hid kelayotgani, “Zarbdor”  mahalla fuqarolar yig‘ini Gulxan ko‘chasi, 7-uyda yashovchi fuqaro Nigora Tursunova tomonidan dehqonchilik qilish uchun ekin maydoni ajratish, shu mahallada yashovchi tadbirkor N.O‘razayev tomonidan savdo kompleksi uchun ajratilgan yer maydonini qonuniy tartibda rasmiylashtirish borasida qilgan murojaatlari ham o‘rganilib, mutasaddilar bilan birgalikda hal etildi.  

Shu bilan birga, shahar markazidagi transport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida tartib va harakat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar haqidagi shikoyat, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialini mustaqil ta’lim muassasasi sifatida qaytadan shakllantirish to‘g‘risidagi tashabbus ham e’tibordan chetda qolmadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, deputat va saylovchilar uchrashuvi amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Asosiysi, aholi tomonidan bildirilgan ko‘plab fikr-mulohazalar kelgusida ish rejalar tuzish uchun zamin bo‘la oladi.  

 M.Sulaymonov, O‘zA