French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq tanlovi — xalqchil Konstitutsiya uchun asos
07:50 / 2023-04-30

Bugun — 30 aprel mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy tadbir — “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum.

Ushbu tadbirning o‘ta muhimligi shundaki, birinchidan, referendumga taqdim etilayotgan Konstitutsiya loyihasi matni bir guruh olimu mutaxassislar tomonidan emas, balki xalqning, keng jamoatchilikning taklifi va fikri asosida ishlab chiqilgan, inson qadri birinchi o‘ringa qo‘yilgan chin ma’nodagi xalq Konstitutsiyasidir.  

Ikkinchidan, Konstitutsiya yurtimiz tarixida ilk bor referendum orqali qabul qilinmoqda. Shu paytga qadar amaldagi Konstitutsiyamizga 16 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, parlament darajasida qabul qilingan bo‘lsa, endilikda yangilanayotgan Bosh qomusimiz bevosita fuqarolarning takliflari asosida ishlab chiqilib, xalqimiz tomonidan qabul qilinayotgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kiritiladigan birinchi hujjatga aylanayotir.

Qariyb bir yil davomida Konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz takomillashtirildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan dastlabki davrda 150 ming, keyinchalik muhokamalar davom ettirilgani natijasida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Quvonarlisi, ushbu siyosiy jarayonlarda ertamiz egalari bo‘lgan yoshlar faol ishtirok etib, takliflarning 70 foizi ular tomonidan taqdim etildi.  

E’tirof etish joizki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayangan holda ishlab chiqildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolati kuchaytirilayotgani, mexanizmlari yanada mustahkamlanayotgani, inson qadri ulug‘lanayotgani Asosiy qonunimiz haqiqiy ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganidan dalolat beradi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani alohida e’tirofga loyiq.  

Referendumga taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi Muqaddima, 6 ta bo‘lim, 27 ta bobni tashkil etgan 155 ta moddani o‘z ichiga oladi. Uning kirish qismi —  Muqaddimasi ham har jihatdan mazmunan va mohiyatan boyitildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Bu eng muhim yangiliklaridan biridir.  

Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy islohotlar xususida to‘xtalar ekan, “Hech shubhasiz, yangi Konstitutsiya – biz boshlagan islohotlarni izchil davom ettirib, eng muhimi, ularga ortga qaytmaydigan tus berishi muqarrar” dedi. Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitutsiya yangi O‘zbekistonda katta marralar bilan boshlangan keng ko‘lamli islohotlarni, har sohadagi o‘zgarishlarni yanada yuqori pog‘onalarga olib chiqishda mustahkam huquqiy asos bo‘lajak. Xalqimizning buguni va ertasiga, porloq kelajagiga, yosh avlodlarimiz taqdiriga xizmat qilajak.  

Yangilanayotgan bosh hujjatimizda aks etayotgan hayotiy o‘zgarishlarni xalqimiz keng qo‘llab-quvvatlamoqda. Bunga o‘tgan qisqa fursat ichida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirlarida, ma’naviy-madaniy kechalarda, uchrashuvlarda guvoh bo‘ldik.

Qayd etish kerakki, barcha hududda senator va deputatlar, taniqli siyosatchilar, turli soha vakillari mehnat jamoalarida, mahallalarda, ijtimoiy muassasalarda davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazishdi. Viloyatlar va tumanlar markazlarida, istirohat bog‘larida «Konstitutsiya — seniki, meniki, bizniki, o‘zimizniki!» shiori ostida el suygan san’atkorlar, aktyorlar, madaniyat xodimlari ishtirokida konsertlar, bayramona tadbirlar uyushtirildi. Bu kabi tadbirlarda vazirlar, hokimlar va rahbarlardan tortib faol yoshlaru oddiy xalq fidoyilari so‘zga chiqib, o‘z hayotiy tajribalari misolida bugungi imkoniyatlarni so‘zlab berishdi. Yangilanayotgan Bosh qomusimizning afzalliklari, yangi normalari xususida batafsil tushuntirishdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni milliy qonunchiligimiz va xalqaro talablarga mos tarzda o‘tkazish borasida ham barcha tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Aholiga referendumning mohiyati, unda ishtirok etish tartiblari tushuntirildi. Fuqarolarning referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid xabardorligini oshirish maqsadida 2023 yilning 1 aprelidan boshlab Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi — “Call-center” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markaz tomonidan referendum o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyati, referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida fuqarolarga to‘liq va ishonchli axborot berib borildi. Bu esa aholining referendum qonunchiligi va referendum jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirishga xizmat qildi.  

Referendumda barcha toifadagi fuqarolar o‘z siyosiy huquqlaridan emin-erkin foydalanishi uchun sharoitlar yaratishga ham alohida e’tibor qaratildi. Zero, inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda barcha insonlarning huquq va manfaatlari birdek ta’minlanishi dolzarb ahamiyatga ega. Shu bois, referendumga tayyorgarlik jarayonlarida  nogironligi bo‘lgan ovoz beruvchi fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida o‘tkazish, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish orqali referendum tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlarini inobatga olish masalalariga e’tibor qaratildi. Referendumda ovoz berish byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi va tavsifi tasdiqlandi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi ovoz beruvchi fuqarolar referendum byulletenida o‘z xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir referendum uchastkasi trafaret bilan ta’minlandi.  

Qonunchiligimizga ko‘ra, referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Markazy saylov komissiyasi qarori bilan 2023 yil 19-26 aprel kunlari muddatidan oldin ovoz berish tashkil etildi. Ushbu muddatda 611 ming 320 nafar fuqarolar muddatidan oldin ovoz berdilar.

O‘zbekiston Respublikasining referendumi adolatli, ochiq va shaffof o‘tishida xalqaro kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki muhim. Shu bois, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar akkreditatsiya qilindi. Shuningdek, 964 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Barcha hududda kuzatuvchilar missiyasi va OAV vakillari referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini bevosita kuzatishmoqda.  

Bugun yurtimizdagi 10 ming 758 ta referendum uchastkalari ovoz berish jarayonlariga shay, barcha tadoriklar ko‘rilib, sharoitlar yaratilgan. O‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi, Vatan ertasiga, yurt kelajagiga, o‘z taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz o‘z uchastkasiga tashrif buyurib, referendumda faol ishtirok etadi. O‘zi uchun, oilasi, yaqinlari, farzandlari uchun, mahalla-ko‘y, qishlog‘iyu ovuli, bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun ovoz beradi. Zero, bu siyosiy jarayonda har birimizning ovozimiz, tanlovimiz, adolatli qarorimiz muhim — biz fuqarolarning siyosiy faolligimiz xalq manfaatlariga, yurtimiz kelajagiga zamin bo‘ladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA