Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq ta’limida korrupsiya: 70,9 milliard so‘mlik moliyaviy qonun buzilish holatlari aniqlandi
11:32 / 2022-12-05

Xalq ta’limi vazirligida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Antikorrupsion haftalik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Tadbir Xalq ta’limi vazirligi faoliyatining jamoatchilik va fuqarolar oldida ochiqligini ta’minlash hamda bu borada tizimdagi ishlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalariga axborot berish maqsadida tashkil etildi.  

Ta’kidlanganidek, xalq ta’limi tizimida korrupsiyaga oid qonunbuzarlik holatlarini oldini olish va bartaraf etish yo‘nalishida vazirlik tomonidan bir qator tashkiliy va amaliy ishlar qilinmoqda.  

Xususan, Prezidentimizning qator farmon va qarorlariga muvofiq vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish sho‘’basi tashkil qilinib, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmalarida jami 14 nafar korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi joriy qilindi.  

Ularning asosiy vazifalari sifatida vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish va uni takomillashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsion xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.  

O‘tkazilayotgan o‘rganishlar tahlillariga asoslanib, ya’ni masofadan monitoring qilish mobaynida shubhali holatlar tahlil qilinib, aniqlangan holatlar natijalaridan kelib chiqqan holda mutaxassislarni ob’ektlarga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yilgan.  

Shu bilan bir qatorda, vazirlik faoliyatida asosiy e’tibor moliyaviy xato va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlariga qaratilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.  

Joriy yil 11 oy davomida jami 635,8 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olindi.  

Jumladan, ta’lim muassasalarining 2022 yil uchun tasdiqlangan shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini rejalashtirishda ortiqcha kiritilgan 154 milliard so‘m mablag‘ maqbullashtirildi. Nazorat tadbiri davomida umumta’lim muassasalarida hisobga olinmagan yangi va rekonstruksiya qilish orqali foydalanishga topshirilgan bino-inshootlar hisobiga hosil bo‘lgan 481,9 milliard so‘mlik asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklar o‘rnatilgan tartibda buxgalteriya balansiga kirimga olinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan talon-torojlik holatlari oldi olindi.  

Shuningdek, ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan 638 ta nazorat tadbirlarida 70,9 milliard so‘mlik moliyaviy qonun buzilish (12,2 milliard so‘mlik o‘zlashtirish) holatlari aniqlandi.  

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan xamkorlikda Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida tuman xalq ta’limi bo‘limining buxgalteriya xizmati mas’ul xodimlari tomonidan ish haqi uchun olingan 2,8 milliard so‘m naqd pul va fuqarolarning shaxsiy kreditlarni so‘ndirish hamda omonatga joylashtirish orqali 6,9 milliard so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi.  

Sirdaryo viloyati Malaka oshirish hududiy markazida 551 million so‘m, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 27 million so‘m, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 10,9 million so‘m hamda ba’zi viloyatlarda 9,1 million so‘m jami 598 million so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirib yuborish holatlari aniqlangan.  

Bundan tashqari, vazirlikning Ichki audit boshqarmasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat sho‘’basi mutaxassislari tomonidan oktyabr oyida Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarda sohaga doir qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan shubhali holatlarga asosan o‘rganish o‘tkazildi. Tekshirish yakuni bo‘yicha Bo‘ka tuman xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan 2 milliard 351 million 580,5 ming so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar sodir etilgani aniqlandi.  

O‘rganishlar davomida tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan barcha o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.  

Shuningdek, vazirlik tomonidan amalga oshirilgan tahlillar natijasida Xalq ta’limi tizimidagi faoliyat jarayonlari ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari savollariga soha vakillari tomonidan batafsil javob berildi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA