Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalq ta’limi vaziriga senator so‘rovi yuborildi
11:16 / 2021-01-20

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida xalq ta’limi sohasini isloh qilish, yoshlarning puxta ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Bularni amalga oshirishda, avvalo, mavjud kamchilik va muammolarni aniqlab, hal qilish lozim.

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxanov hududlarda aholi bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rgandi.

Xususan, joriy yilning yanvar oyida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda “O‘choqli”, “Yangi turmush” va “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari ushbu mahallalardagi maktablar ta’mirtalab holatga kelib qolganligi sababli, kapital ta’mirlab, rekonstruksiya qilishda amaliy yordam berishni so‘radi.

Senatorlar tomonidan mazkur mahallalarda joylashgan umumta’lim maktablari holati joyiga chiqib o‘rganilganda, haqiqatdan ham maktablar bugungi kun talablariga umuman javob bermasligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, tumanda 62 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda 27 ming 672 nafar yosh ta’lim olmoqda.

13 ta umumta’lim maktabida sport zallari yo‘qligi sababli o‘quvchilar jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishmayapti.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxonov xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatovga senator so‘rovi yubordi.

Unda O‘rta Chirchiq tumanining O‘choqli mahallasida joylashgan 38-maktabning eski binosi o‘rnida yangi, zamonaviy 120 o‘rinli maktab binosini qurish, Yangi turmush mahallasidagi 50-maktabning bo‘sh turgan binosini hamda Taraqqiyot mahallasida joylashgan 20-maktabni kapital rekonstruksiya qilish maqsadida 2022 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritish choralari ko‘rilishi so‘ralgan.